@zarafshonbot‘ga murojaat: Qishloq aholisi chorva mollarini boqadigan yaylovlar o‘zboshimchalik bilan egallab olinyapti
Nurobod tumani Buloqboshi mahallasi, Sepki qishlog‘idan murojaat qilyapmiz.
Qishlog‘imiz aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanib keladi. Chunki hududda istiqomat qiluvchilarning shundan boshqa daromad manbai yo‘q.
Yaqinda qo‘shni Ag‘ron qishlog‘ilik Qobul Yaxshiboyev shaxsiy chorva mollari uchun otar qurib, mollarimizni boqadigan yaylovlarni egallab olgani odamlarimizning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Hukumat qarori bilan chorva boqishga mo‘ljallangan yaylovlar ham klaster asosida nazorat qilinishi belgilanganidan xabarimiz bor. Ammo “SP LUXE” MChJ rahbari Ulug‘bek Rustamov qishloq chorva mollarini boqishimiz uchun 3 ming gektar yer ajratib berishni va’da qilgan edi. Afsuski, mutasaddi o‘z va’dasini bajarmayapti. Uning ustiga qishlog‘imiz atrofidagi yerlarni Q.Yaxshiboyev o‘zboshimchalik bilan egallab olib, “Bu joylar meniki, klasterdan hujjatlarim bor. Mollaringni bu yerda boqmanglar”, deya odamlarni bu yerga qo‘ymayapti.
Yaylovlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanib, aholi noroziligini keltirib chiqarayotgan bu holatga kim barham beradi?
Sepki qishlog‘ining bir guruh oqsoqollari.