«Zarafshon»ning bugungi (2020 yil 3 mart №28) sonida o‘qing

Qo‘shrabot tumani Jo‘sh qishlog‘ida «Obod qishloq» dasturi doirasida bunyod etilgan o‘nlab inshootlar foydalanishga topshirildi. Xususan, viloyat markazidan 140 kilometr uzoqliqda joylashgan bu qishloqda baxshi-shoir Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining yangitdan bunyod etilgan ko‘rkam maqbarasi, haykali va memorial muzeyi, ehtiyojmand, turarjoyga muhtoj oilalar uchun 70 dan ortiq yangi uy-joylar, shinam inshootlar, mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman ichki ishlar bo‘limiga qarashli 14-sonli ichki ishlar bo‘linmasi, 20-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti, dehqon bozori, tuman tibbiyot birlashmasi Jo‘sh filialining yangi zamonaviy binolari xalqqa xizmat ko‘rsatishni boshladi. 2020 yil bahorining ilk kuni jo‘shliklar uchun unutilmas onlarni olib keldi.

***

Viloyat hokimligi tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumanida tashkil qilingan sayyor qabul qay jihatlari bilan boshqalaridan farq qildi? Tumanda shu paytgacha 69,5 gektar yer maydonini o‘zlashtirilgan, o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurib olganlik bilan bog‘liq 361 ta holat aniqlangan. Xo‘sh, bu masalalar bilan bog‘liq murojaatlar qanday hal etildi? Sayyor qabul davomida nega shu yerda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasini tashkil qilinmaydi? Banklar shu yerda o‘z xizmatlarini targ‘ib qilishi samara bermaydimi?

***

Payariq tumanida Dehqonobod degan joy bor. Uni birovlar shaharcha desa, birovlar qishloq deydi. Xo‘sh, buning qay biri to‘g‘ri? Bundan yetti yil oldin shaharcha maqomini olgan qishloq odamlarning yodidan ko‘tarilib ketgan. Ammo buni soliqchilar aslo esdan chiqarishmagan ko‘rinadi. Yer solig‘ini shaharcha tipidagi miqdor bo‘yicha to‘lab kelayotgan aholi nimadan norozi? Bu yerda yaratilgan infratuzilma shaharcha talablariga nechog‘li javob beradi? Aholi qanday sharoitda turmush kechirmoqda?