“Zarnews.uz”ga murojaat: Keraksiz quvurlar olib tashlanishi kerak

"Tokzor mahallasi - Samarqand shahrining Kichik tuman hududida joylashgan. Mahallamizda barcha ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar bir vaqtlar “Issiqlik manbai” DUK tomonidan isitib kelingan.

O‘n yillar ilgari korxonaning isitish qozonlari o‘z faoliyatini to‘xtatgach, barcha xonadonlardagi tizimlar olib tashlanib, kimdir ikki konturli pechlar, yana kimdir elektr pechlar yordamida isitishga o‘tdi. Hovlilardagi issiq suv quvurlari esa keraksiz matohga aylanib qoldi. Bugungi kunda ular eskirib quvurlar qiyshayib, shu “dom”larda yashovchilarga ham halaqit bermoqda. Teshik quvurlar shamolga qimirlab yo‘lovchilar hayotiga ham xavf solmoqda.  Ayniqsa, issiqni saqlovchi oynaqipiq ya’ni, “steklovata”lari sal shamol bo‘lsa, ko‘tarilib, atrofga tarqalmoqda, bolalar maydonchasida o‘ynab bo‘lmay qolgan. “Steklovata” qipiqlari kelib yuz va qo‘llarga yopishadi, ularni hatto yuvib ham ketkazib bo‘lmaydi.

Ayniqsa, keksalar va yosh bolalarga azob chekyapti. Kechqurun ishdan kelib, dim uylardan qochib hovlida ham dam olib o‘tirib bo‘lmayapti? Bu borada bir necha bor Tokzor mahalla ma’muriyatiga, shirkatga, Samarqand shahar hokimligiga murojaatlar qilingan bo‘lsa-da, foydasi bo‘lmadi. Agar shu quvurlardan foydalanishni imkoniyati bo‘lmasa, olib tashlashni iloji bor-ku? Kimdan yordam kutishni bilmayapmiz.

Samarqand shahri, Taraqqiyot ko‘chasi 19-uyda yashovchi Zuhra Jumayeva, Idiye Osmanova, Ra’no Rajabova va boshqalar.