“Zarur vakolatlar berilsa, natijalar bundan ham yaxshi bo‘ladi”: Mahalla instituti xalqaro mutaxassislar nigohida
Samarqandda “Mahalliy aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusidagi I xalqaro konferensiya davom etmoqda.
Konferensiya dasturiga muvofiq, ishtirokchilar “Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zini o‘zi boshqarish organlari tajribasi”, “O‘zini o‘zi boshqarish organlarida xotin-qizlar, yoshlar va bolalar manfaatlarining ta’minlanishi” singari sho‘’balarga bo‘lindi. Ularda mahalla institutining faoliyatini yanada takomillashtirish, uning oila mustahkamligi, fuqarolar huquq va manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, yoshlarni munosib tarbiyalashdagi ishtirokini oshirish masalalari muhokama qilinib, ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda.
— Faoliyatimizning asosiy maqsadi har bir insonning sog‘lom hayot kechirish va teng imkoniyatlarga ega bo‘lish huquqlarini himoya qilish, - deydi BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFRA) O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszade. – O‘zbekistonda bu mas’uliyatli vazifani bajarishda mahallalarning o‘z o‘rni bor. Mazkur institut nafaqat xalqingizning o‘ziga xos qadriyati, balki jamiyatingiz rivojiga xizmat qiladigan kuchli ijtimoiy tuzilma ham hisoblanadi. Agar unga zarur vakolatlar berilib, faoliyati to‘g‘ri yo‘naltirilsa, natijalar bundan ham yaxshi bo‘ladi. Biz mahallalar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.
— O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev Xitoyga borganida uchrashgan edik, - deydi Xitoyning Gansu Lanmei Vocational Skills Training School Co.,Ltd kompaniyasi bosh menejeri Yang Ji Fan. – Kompaniyamiz aholi xonadonlariga professional xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi va mamlakatda bu yo‘nalishning liderlaridan hisoblanadi. Yurtingizda ham ayni tajribani yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning yashash tarzi va sharoitlarini yaxshilashga hissa qo‘shish maqsadida taklif qilinganimizdan xursandmiz. Konferensiya hamkorligimiz yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.