Zebiniso Shodiyeva: “58 nafar bitiruvchi muddatidan oldin xorijdagi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi”

Bugungi kunda xalq ta’limi sohasi Prezidentimizning alohida e’tiborida. Buni kuni kecha Yurtboshimizning mamlakatimiz maktablarini bitirayotgan o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigidan ham bilish qiyinmas. Qolaversa, Samarqand viloyati xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini oshirish borasida qator ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Masalan, oliy ta’lim muassasalariga kirish natijalari 2019 yil 30 843 nafar bitiruvchidan 2 556 nafari OTMga kirgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib, 53 572 nafar bitiruvchidan 5 359 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Birorta ham bitiruvchisi OTMga kirmagan maktablar soni 2,5 barobarga kamaydi.

2021 yilda umumta’lim maktablarining 11-sinfini 50 647 nafar o‘quvchi bitirishi kutilmoqda. Bitiruvchilarimiz orasidan munosib namuna ko‘rsatgan 653 nafar o‘quvchiga (577 ta oltin, 76 ta kumush) oltin va kumush medallar uchun buyurtmalar berildi.

Eng muhimi, bugungi kunga qadar 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchilaridan 58 nafari muddatidan oldin, tanlov sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, xorijdagi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi. 

Kattaqo‘rg‘on shahar 3-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Sh.Hamrayeva “Ustoz-2020” milliy tanlovida g‘olib bo‘ldi hamda The Global Teacher Prize yo‘llanmasini qo‘lga kritdi. Samarqand shahridagi 60-son ixtisoslashtirilgan maktab internati ingliz tili o‘qituvchisi M.Barnoyeva “Mehridaryo ustoz” yo‘nalishida g‘olib bo‘lib, “Xalq ta’limi a’lochisi” mukofoti bilan taqdirlandi.

AKT sohasi bo‘yicha “Bir million dasturchi” loyihasida 31 091 nafar o‘quvchi va o‘qituvchilar ro‘yxatdan o‘tdi hamda 26 000 nafaridan ortig‘i muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ularning 2 nafari TOP-1000 talik reytingda g‘oliblikni egallab, 4,5 million so‘mdan pul mukofotiga ega bo‘ldilar. Barcha maktab direktorlari uchun AKT savodxonligini oshirish bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazildi.