Samarqandda Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi ustamaga da’vogar pedagoglarning saralash imtihonlari bo‘lib o‘tdi

Imtihonlarda viloyat bo‘yicha 418 nafar maktab o‘qituvchilari qatnashdi.

Shu yil 2 avgustdagi “Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga muvofiq xalq ta’limi tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan malakali pedagog kadrlarning mehnatini rag‘batlantirish hamda jamg‘arma hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning ro‘yxati shakllantirilgan edi.

Qarorga ko‘ra, respublika bo‘yicha eng ilg‘or 2000 nafar o‘qituvchilarga 9 oy davomida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5.5 barobari miqdorida ustama to‘lab beriladi.
Ustama olish uchun xalq ta’limini isloh qilish bo‘yicha hududiy kengashlar tomonidan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha (boshlang‘ich ta’lim, ijtimoiy fanlar, xorijiy til fanlari, aniq va tabiiy fanlar, hamda amaliy fanlar pedagoglari) nomzodlar taqdim etiladi.

Ushbu jarayonlar qanday amalga oshiriladi?
- Tuman (shahar) xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha hududiy kengashlari tomonidan beriladigan nomzod kasbiy mahorati yuqori bo‘lishi;
- 2021-2022 o‘quv yili natijasiga ko‘ra, maktab boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lishi;
- 2021-2022 o‘quv yili natijasiga ko‘ra, pedagog o‘qitgan maktab bitiruvchilarining DTM test natijasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lishi talab etiladi.

Saralab olingan nomzodlar o‘rtasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan birinchi bosqichda test olinadi, test natijalariga ko‘ra, o‘zlashtirish 80 foizdan past bo‘lmagan o‘qituvchilar bilan ikkinchi bosqichda suhbat o‘tkaziladi, deyishali viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabarida.