Yangi o‘quv yilida viloyatdagi maktablar soni 1260 tadan oshadi
Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva 2021-2022 o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan Avgust kengashi yalpi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Bu yilgi Avgust kengashi onlayn tarzda Zoom orqali bo‘lib o‘tdi. Unda yil davomida erishilgan yutuqlar va kelgusidagi rejalar haqida kelishib olindi.
Ta’kidlanishicha, joylarda Investitsiya dasturi bo‘yicha 39 ta maktabda 163,3 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jami 27 ta maktabda 49,7 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanmoqda.
Viloyatdagi jami 31 ta umumta’lim maktablarida hamda Qo‘shrabot tumanidagi 26 ta maktab filiallarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi uchun 108 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi 2019 yilgi respublika milliy reytingida 13-o‘rinda qayd etilgan edi. Maqsadli va natijadorlikka qaratilgan aniq chora-tadbirlar natijasida viloyatimiz 2020 yilda to‘rt pog‘ona yuqorilab, respublikada 9-o‘rinni egalladi. Biroq Samarqand xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan yuqori malaka toifali o‘qituvchilar ko‘rsatkichi bilan maqtanib bo‘lmaydi, albatta.
Bugungi kunga kelib, viloyat xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan 56 370 nafar o‘qituvchining 1875 nafari oliy toifali, 7 133 nafari birinchi toifali, 13 645 nafari ikkinchi toifali o‘qituvchilardan iborat bo‘lib, o‘tgan uch yil davomida o‘qituvchilarning sifat tarkibi 16,1 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilarni oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichini yanada oshirish yuzasidan “Samarqand tajribasi”ni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqildi.
Jumladan, Urgut va Past Darg‘om tumanlaridagi 70 ta maktabga, 16 ta tuman, shaharlarga viloyatdagi 10 ta oliy ta’lim muassasasining tajribali professor-o‘qituvchilari biriktirildi.
Joriy yilning 3-4 avgust kunlari Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlaridan Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot va Nurobod tumanlaridagi olis va ta’lim sifati yuqori bo‘lmagan umumta’lim maktablariga jami 51 nafar oliy hamda birinchi toifali o‘qituvchilar ishga olindi.
Shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan 14 nafar oliy, birinchi hamda ikkinchi toifali o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasi imzolandi.
2020-2021 o‘quv yilida 140 nafar nomutaxassis psixologlar qayta tayyorlov kurslarida o‘qitildi.
7-11-sinf o‘quvchilari uchun “Erta kasb-hunarga yo‘naltirish” ish daftari Bulung‘ur tumanida tajriba sinovidan o‘tkazildi.
Viloyatimizda jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lganligi sababli, uy sharoitida yakka tartibda ta’lim oluvchi 1600 nafar bolaga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, 9 nafar uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchiga nogironlik aravachalari, 3 nafariga noutbok, 2 nafariga tikuv mashinasi berildi.
Bundan tashqari, 2020-2021 o‘quv yilida viloyatimizdagi umumta’lim maktablarini a’lo baholar bilan yakunlagan jami 645 nafar o‘quvchining 571 nafari oltin va 74 nafari kumush medal bilan taqdirlandi. 247 nafardan ziyod 11-sinf bitiruvchilari muddatidan oldin, ba’zilari imtiyozli ravishda respublikamizdagi va xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarining talabalari bo‘lishdi. Ular orasida dunyodagi mashhur Garvard va Oksford universitetlari talabalari bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lganlar ham bor.