Samarqanddagi 20 ta maktab “PIRLS-2021” xalqaro tadqiqotlarida qatnashadi

Jomboy tumanidagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “PIRLS-2021” xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini oshirish yuzasidan “PIRLS savollari asosida mashq daftarlari bilan ishlash ko‘nikmalari” mavzusida viloyat amaliy-seminari bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning aprel oyida viloyatimiz tuman, shaharlarining 20 ta umumta’lim maktablari “PIRLS-2021” xalqaro tadqiqotlarida, ya’ni o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini sinovdan o‘tkazuvchi dasturda ishtirok etadi.

Mazkur nufuzli sinovlarda dunyoning 70 ga yaqin mamlakatlarining o‘quvchi-yoshlari qatnashadi. O‘zbekistonlik o‘quvchilar mazkur sinovlarda ilk bor ishtirok etib, o‘z bilim va qobiliyatlarini namoyon etadi. Shu bilan birga, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan muhim islohotlarning nechog‘li ahamiyatga molik ekanligini amalda ko‘rsatishadi.

Sinovlar bevosita xorijlik ekspertlar guruhi tomonidan o‘tkaziladi. Unda viloyatdan ishtirok etadigan 20 ta maktabning istalgan 4-sinflari jalb qilinadi. Butun respublikamiz maktab o‘quvchilarining natijalari sinovlarda qatnashadigan xorijiy mamlakatlarning natijalari bilan birga tahlil qilinadi.

Seminarda mutaxassislar ushbu muhim jarayonga munosib tayyorgarlik ko‘rish, mavjud bo‘shliqlarni aniqlab, to‘ldirishga e’tibor qaratishdi.

Ochiq darslar orqali malakali o‘qituvchilarning kasbiy mahorati kuzatilib, o‘zaro malaka va tajriba almashildi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.