Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish shartlarini ma’lum qildi

Politico madia-tashkiloti manbasining da’vo qilishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.

Zelenskiy 7 noyabr kungi videomurojaatida Rossiya bilan muzokaralar uchun beshta shartni aytib o‘tdi. “Yana bir bor: hududiy yaxlitlikni tiklash, BMT Nizomini hurmat qilish, urush natijasida yetkazilgan barcha yo‘qotishlar uchun tovon to‘lash, har bir harbiy jinoyatchini jazolash va bu boshqa takrorlanmasligiga kafolat”, — dedi Ukraina prezidenti.

Bu safar Zelenskiy Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish mumkin emasligi haqidagi avvalgi da’vosini tilga olmadi. Oktyabr oyida Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar boshqa Prezident kelganda bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Nashrning qayd etishicha, AQSh rasmiylari Zelenskiy yoki uning yordamchilariga Ukraina o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi kerakligini aytmagan, biroq ular Kiyev urushni tinch yo‘l bilan tugatishga tayyorligini namoyish etishi kerakligini bildirgan.

Ukraina rasmiylari bu haqda hozircha izoh bermagan.

Avvalroq ayrim manbalarda Rossiya rasmiylari Ukraina bilan to‘liq tinchlik o‘rnatish haqida emas, balki sukunat paytida 2023 yilning fevral-mart oylaridagi yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olish istagi haqida aytilgan edi.

Rossiya Xerson va Mariupol yaqinida bir necha qatlamli mudofaa qurmoqda. Ukraina sharqida Baxmut uchun shiddatli janglar davom etmoqda.

Rossiya kuchlari so‘nggi bir necha kun ichida Xerson viloyatida mudofaa tayyorgarliklarini davom ettirdi. Urushni o‘rganish institutining so‘nggi bahosiga ko‘ra, rus qo‘shinlari Xerson yo‘nalishida bosib olingan chiziqlarni ushlab turishga urinmoqda.

Rossiya va Ukraina manbalarining da’vo qilishicha, rus qo‘shinlari Dneprning g‘arbiy qirg‘og‘idan tinch aholi evakuatsiyasi operatsiyasini amalga oshirmoqda, bu Ukrainaning olg‘a siljishidan xavotirni anglatadi.