Zelenskiyning AQShga tashrifi. Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi: endi nima bo‘ladi? Shimoliy Koreya yadro qurolidan foydalanishga tayyorlanmoqchi

🔹 Bugun Ukraina Prezidenti Zelenskiy AQShga bordi. Ukraina prezidenti senatorlar bilan uchrashishi, so‘ng Oq uyga borishi va Tramp bilan muzokaralar boshlanishi kutilmoqda. Uchrashuvdan asosiy maqsad avvaldan kelishilgan mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolash. 

🔹 Pokistondagi Haqqoniy madrasasiga hujum uyushtirildi. Bir kishi halok bo‘lgan, yaralanganlar bor. 

🔹 Kecha Istanbulda AQSh va Rossiya vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Aslini olganda, olti soatlik muzokaralardan so‘ng faqat rasmiy javob va umumiy ta’riflar mavjud. Tomonlar yopiq eshiklar ortida muloqot qilgan va izoh berishdan bosh tortgan. Ma’lumki, muzokaralarda elchixonalar faoliyatini tiklash masalasi muhokama qilingan. Davlat departamenti muzokaralarni “konstruktiv” deb atadi. Bu masala yuzasidan yana bir yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.

🔹 Isroil garovga olingan to‘rt kishining jasadi evaziga yuzlab odamlarni ozod qildi. Ba’zi mahbuslarning yaqinlari bir yildan ortiq kutishgan. Hatto Isroil qamoqxonalarida 20 yil umrini o‘tkazganlar ham bor.

🔹 Shvetsiya Rossiya bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilikka tayyor bo‘lishi kerak. Bu haqda mamlakat Tashqi razvedka xizmati ma’lum qildi. Boltiqbo‘yi mintaqasida Rossiya harbiy faolligi vaqtinchalik pasayganiga qaramay, urush tugaganidan keyin vaziyat o‘zgarishi mumkin. Rasmiylar Rossiya prezidenti Vladimir Putinga muntazam ravishda ishonch bildirayotgan AQShning hozirgi pozitsiyasidan xavotirda.

🔹 2025 yilning 27 fevralida AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi bir qator sanksiyalarni bir yilga uzaytirdi. Bu sanksiyalar keng qamrovli cheklovlarni o‘z ichiga oladi: moliya, energetika va mudofaa sohalariga qarshi sohaviy choralar va hokazo. Sanksiyalar uzaytirilishi Rossiya iqtisodiyotiga surunkali bosim o‘tkazib, tarkibiy zaif tomonlarini kuchaytiradi, lekin darhol inqirozga olib kelmaydi. Rossiya 2025 yilda zaxiralar, import o‘rnini bosuvchi va muqobil bozorlar tufayli omon qolishga qodir, ammo bu omon qolish turg‘unlik va turmush darajasining yomonlashuvi bilan birga keladi, deyishmoqda tahlilchilar.

🔹 Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat qurolli kuchlari yadro qurolidan foydalanishga tayyor bo‘lishini buyurdi. Shuningdek, KXDR bugun strategik qanotli raketani uchirdi. Gap yadroviy to‘xtatuvchi kuchlarni tekshirishga qaratilgan sinovlar haqida bormoqda.

🔹 Hindistonda qor ko‘chkisi ostida qolgan ishchilar guruhi - 41 kishi bedarak yo‘qolgan. Voqea joyida qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. 

🔹 Afinada 57 kishining hayotiga zomin bo‘lgan poyezd halokatiga ikki yil to‘lganligi munosabati bilan minglab odamlar norozilik namoyishi uchun ko‘chalarga chiqdi. Politsiya shovqinli granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Gretsiyada ko‘pchilik halokat sabablarini o‘rganilishidan norozi.

🔹 Xitoyda bola savdosi bilan shug‘ullanuvchi 61 yoshli Yu Xuaying qatl etildi. Ayol Gong ismli erkak bilan provinsiyalardan bolalarni o‘g‘irlashgan. Tergov jarayonida erkak vafot etgan. U sud qarori ustidan shikoyat qilmoqchi bo‘lgan, biroq yuqori sud uni o‘z kuchida qoldirgan.

G.Xoldorova tayyorladi.