Gavhar ALIMOVA: Birinchi oilasidan qonuniy ajrashmay, sha’riy nikoh bilan uylanayotgan erkaklarga qat’iy chora ko‘rish kerak
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlari kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni tezroq qabul qilish kerakligini ta’kidladi.
– Menga ayollardan bo‘layotgan murojaatlarning aksariyati – erkaklarning oilasidan qonuniy ajrashmay turib, xotinini haydab yuborib, boshqa ayolga shar’iy nikoh asosida uylanib olayotgani bilan bog‘liq, – deydi G.Alimova. – Bundan juda ko‘p ayollar, ularning farzandlari jabr ko‘rmoqda. Ammo erkakka hech qanday chora ko‘rilmayapti. Bunday holatlar uchun qonunlarimizda javobgarlik choralarini kuchaytirish lozim. Yangi qabul qilinadigan qonunlarda buni e’tiborga olamiz, albatta. Mayli, menga ko‘pchilik qarshi chiqar, bu kimlargadir yoqmas, lekin ana shunday holatlar haqida televideniyeda ko‘rsatuv qilmoqchimiz.