Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Manmanligimiz qabristonga ham yetib bordimi?

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 4 apreldagi “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarorining Samarqand shahridagi ijrosi o‘rganildi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlar natijasida shahar aholisiga dafn etish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish borasida ko‘pgina qulayliklar yaratilgan. Aholiga xizmat ko‘rsatish maxsus texnikalari yangilab berilgan. Shahar hududida joylashgan 40 ta qabristonga aholiga xizmat ko‘rsatishi uchun 27 ta qabriston nazoratchisi, 71 ta qabriston qorovuli shtat birligi ajratilgan.

Mahalliy byudjet hisobidan 200 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, qabriston atrofida devor tortish, ayrimlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

O‘rganish davomida bu kabi xayrli ishlar bilan birgalikda ayrim kamchilik va muammolar ham aniqlandi. Xususan, Samarqand shahridagi Xo‘ja Abdu Darun qabristonida ayrim qabrlar cho‘kkan. Amaldagi tartibga ko‘ra, qabrlarni saqlash va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi qoidalariga ko‘ra alohida dafn etishga ajratilgan uchastkaga uzunligi 1,5 metr, eni 1 metr va balandligi 0,5 metrdan 1 metrgacha bo‘lgan o‘lchamda qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish (qurish)ga yo‘l qo‘yiladi. Biroq qabristonda ayrim qabr yodgorliklariga 10-16 kv.metr yer maydonlari ajratilgan. Ya’ni ba’zi hollarda yodgorlik uzunligi 1,5 metr emas, balki 3-4 metr, eni 1 metr o‘rniga 4 metr yerga o‘rnatilgan.

Tabiiy savol tug‘iladi: bu manmanlikmi yoki o‘tganlarga o‘rnatilgan yodgorligi bilan maqtanishmi? Yodgorlik uchun tartibga rioya qilmasdan joy ajratilganiga nega mutasaddilar beparvo bo‘lishgan?

Shuningdek, o‘rganish davomida musulmonchiligimizga yot holat - qabr usti yodgorligiga tirik insonning rasmi, tug‘ilgan yili yozib quyilganligi aniqlandi. Albatta, bunday holatlar bilan mutlaqo kelishib bo‘lmaydi. Shu bois sessiya ishida tegishli qaror bilan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Z.BERDIYeVA, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.