Samarqanddagi “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” mansabdorlari 1 milliard 258,3 millionni o‘zlashtirgan
Holat yuzasidan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyat ishi ochilgan.
Jinoyatni ochishda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda DXX viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan to‘plangan hujjatlar asos bo‘lgan.
Aniqlanishicha, Samarqand shahar hokimligi qoshidagi “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat korxonasi mansabdor shaxslari 2017-2019 yillar davomida oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib, korxonaning 74,6 million so‘m mablag‘larini xizmat safari uchun asossiz chiqim qilishgan.
Bundan tashqari, xodimlarning ish haqiga asossiz ravishda 235,8 million so‘m qo‘shib yozishgan hamda bankdan ish haqi uchun olingan 112,3 million so‘mni xodimlarga tarqatishmagan.
Ishtaha ovqat mahali keladi deganlaridek, korxona mansabdorlari korxonada ishlamagan fuqarolarning kontrakt to‘lovi va boshqa xarajatlari uchun 137 million so‘m mablag‘ o‘tkazishgan. Boshqa korxonalarga moliyaviy yordam sifatida 62,5 million hamda korxonaning korporativ kartasidan 636,1 ming so‘m asossiz chiqim qilishgan.
Xullas, mansabdorlar davlat korxonasining 1 milliard 258,3 million so‘m mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.
Bundan tashqari, “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat korxonasi mansabdor shaxslari davlat korxonasi mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan qo‘lga kiritgan mablag‘larining 232,4 million so‘mini Samarqand shahar Al-Xorazmiy ko‘chasida qurilgan ko‘p qavatli uydan 3 xona xonadonni sotib olish uchun “M.D.B” MChJga o‘tkazib berishgan. Ya’ni, jinoiy faoliyatdan olgan daromadlarini legallashtirgan.
Holat yuzasidan departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 243-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi.