Qoradaryo ustidagi ko‘prikka nima bo‘lgan?
Yakshanba kuni "Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi" avtomobil yo‘lidagi Qoradaryo daryosi ustidan o‘tgan ko‘prik biroz og‘ib, ko‘prikning bir qismi cho‘kkan. Shundan buyon ko‘prikning bir tomonida transport vositalarining harakati cheklab qo‘yilgan.
Talofatlar qayd qilinmagan bo‘lsa-da, ko‘prik nima uchun cho‘kkan? Harakat qachongacha bir tomonda davom ettiriladi? Shu kabi savollarga oydinlik kiritish uchun Samarqand muntazam yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga murojaat qildik.
Ma’lum qilinishicha, "Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi" avtomobil yo‘lining 6 kilometridagi ushbu ko‘prik 1970 yilda qurilgan bo‘lib, joriy yilning 17 iyundan daryo o‘zanidagi suv sathi ko‘tarilganligi sababli ko‘prikning 6-tayanch qismidagi panjaraning tag qismi yuvilishi natijasida tayanch qism g‘arb tomonga og‘ib, cho‘kish hosil bo‘lgan. Natijada ko‘prikning 6-7 tayanch qismlari oralig‘ida temir-betonlar nurab, umumiy 26 santimetrga cho‘kish paydo bo‘lgan.
Joriy yil 13 iyuldan 14 iyulga o‘tar kechasi harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘prikda harakatlanish to‘xtatilib, transport vositalarining harakatini yonidagi, 2006 yilda qurilgan ko‘prikdan o‘tkazishga qaror qilingan.
Umuman, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ushbu ko‘prikni kengaytirish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
Ishlab chiqilgan loyiha smeta hujjatlariga asosan rekonstruksiya ishlariga 12 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflanadi. Yangi ko‘prikning gabariti (2006 yilda qurilgan ko‘prik bilan birga) 6 ta harakat tasmasidan iborat bo‘ladi va 1970 yilda qurilgan ko‘prik ustidagi transport vositalarining harakatlanishi 2006 yilda qurilgan va rekonstruksiya qilinayotgan ko‘priklar ustiga o‘tkaziladi.
Bahriddin XONKELDIYEV.