Belgilanmagan joyda cho‘milmang! Joriy yilda 4 nafar fuqaro suvda cho‘kib vafot etgan

Har bir faslning o‘ziga yarasha jozibasi bo‘lgani kabi yozning issiq tafti ham insonlarni soya-salqinlikka chorlaydi. Zamonaviy sovutgich o‘rnatilgan xonada dam olishga, muzdek salqin ichimlik ichishga yoki bo‘lmasa huzurbaxsh suvda maza qilib cho‘milishga nima yetsin.

Biroq statistik ma’lumotlarga qaraganda, har yili dunyoda 360 ming nafarga yaqin inson belgilanmagan joylarda cho‘milish oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yumar ekan.

Birgina, viloyatimizda fuqarolarning suvda cho‘kib vafot etishlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarga e’tibor qaratamiz: 2016 yilda 8 nafar, 2017 yilda 18 nafar, 2018 yilda 15 nafar hamda joriy yilda yoz boshlanmasdan 4 nafar fuqarolar turli sabablarga ko‘ra suvda cho‘kib vafot etgan.

2016-2018 yillar mobaynida viloyat hududida suvda cho‘kib halok bo‘lgan fuqarolarning 41,5 foizini 23 yoshdan 53 yoshgacha, 33 foizini 13 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar hamda 25,5 foizini 12 va undan kichik yoshda bo‘lgan bolalar tashkil etmoqda.

Yoshlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan suvdagi halokatlarning aksariyati ularning nazoratsiz qoldirilishi va o‘zboshimchaliklar oqibatida, katta yoshdagi fuqarolarning suvga cho‘kishlariga esa ularning spirtli ichimliklar iste’mol qilib, mast holda cho‘milish uchun suvga tushishlari sabab bo‘lmoqda.

Suvga cho‘kish holatlarning deyarli 99 foizi belgilanmagan va cho‘milish ruxsat etilmagan joylarda qayd etilgan. Bunday joylar Zarafshon, Oqdaryo va Qoradaryo daryolari, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, To‘sinsoy, Qorasuv va Qoratepa suv omborlari, Darg‘om, Bulung‘ur, Shaxob, Xatirchi-Miyonkol, Tuyatortar, Mirzaariq, Kattaqo‘rg‘on suv omboriga kirish va chiqish, Narpay va Siyob kanallari, shuningdek, Yangiariq kabi yirik ariqlar kiradi.

Mazkur suv ob’yektlari qishloq xo‘jaligida melioratsiya tadbirlari uchun suv yetkazib berish maqsadida barpo etilgan. Bu joylar cho‘milishga mo‘ljallanmagan. Chunki suv oqimi juda tez, ba’zi joylarda keskin, chuqurlik tik va botiq, suv osti notekis va noma’lum, ko‘rish darajasi juda past, qirg‘oqlari beqaror, eng asosiysi yordam berishga shay turadigan qutqaruvchilar yoki qutqaruv asbob-anjomlari bilan jihozlanmagan.

Aziz yurtdoshlar, suv havzalarida fuqarolarning cho‘kib halok bo‘lishlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida quyidagi oddiy qoidalarga amal qiling:

* hech qachon belgilanmagan joylarda (daryo, soy, ko‘l, suv ombori, kanal va ariq) cho‘milmang;

* “Cho‘milish taqiqlanadi” maxsus belgilariga qat’iy amal qiling;

* yozgi ta’til davrida o‘smirlarni belgilanmagan joylarga cho‘milishga borishlariga yo‘l qo‘ymang;

* yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmang;

* spirtli ichimliklar iste’mol qilib, cho‘milishga bormang;

* faqatgina cho‘milish ruxsat etilgan maxsus suv havzalardagina cho‘miling.

Sh.Ahmedov,

Samarqand viloyati favqulotda

vaziyatlar boshqarmasi xodimi.