Olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘rilyapti?

Viloyatda sport sohasini yanada rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralab, milliy terma jamoalarga yetkazib berish, ularning Olimpiya, Paralimpiya hamda xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Hozirgi kunda viloyatda 23 ta olimpiya, 4 ta milliy, 1 ta qishki va 33 ta noolimpiya sport turi bo‘yicha federatsiyalar, 1 ta O‘zbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi, 2 ta jismoniy tarbiya va sport jamiyati, shuningdek, 1 ta sport kengashi faoliyat yuritmoqda.
Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonovning ta’kidlashicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida 400 ga yaqin mahalliy, respublika va xalqaro miqyosdagi sport tadbirlari tashkil etilgan. Sportchilarimiz tomonidan ushbu musobaqalarda 1360 ta oltin, kumush va bronza medallari qo‘lga kiritilgan. Shu bilan birga, 803 nafar sportchi O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy, 485 nafar esa zaxira tarkibiga jalb etilgan.

Federatsiyalar reytingi: qoniqarli, o‘rta, past
– Sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida sport federatsiyalari va bo‘limlar faoliyati doimiy tahlil qilib borilmoqda, – deydi J.Nurmonov. – Tahlillar natijasi asosida ular qoniqarli, o‘rta va past toifalarga ajratilgan. Jumladan, dzyudo, eshkak eshish, erkin va yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, boks va velosport qoniqarli, taekvondo (WTF), voleybol, basketbol, suzish, gandbol, og‘ir atletika, kamondan otish, tennis va boshqa sport turlari (jami 20 ta) o‘rta, qilichbozlik, ot sporti, texnik va o‘q otish turlari, badminton va regbi sport turlari past toifaga kiritilgan.

Past sport turlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarni yaxshilash, viloyatda sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni keng targ‘ib etish borasida har bir hudud bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanib, mas’ullar biriktirilgan.
Prezidentimizning 2025 yil 8 iyuldagi qaroriga muvofiq, 2028 yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning ustuvor vazifalari belgilab berildi. Qarorda iqtidorli sportchilarni saralash, sportning ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarida litsenziyalar sonini ko‘paytirish va medallar sonini oshirish muhim vazifa etib belgilangan. Xo‘sh, bu borada viloyatda amaliy ishlar boshlandimi?

Olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga 59 nafar sportchi saralab olindi
- 2028 yilda Los-Anjelecda o‘tkaziladigan XXXIV yozgi Olimpiya o‘yinlariga viloyatimizdan 12 ta sport turi bo‘yicha 38 nafar sportchi, XVIII Paralimpiya o‘yinlariga 10 ta sport turi bo‘yicha 21 nafar sportchi saralab olindi, - deydi J.Nurmonov. – Viloyatimizda ushbu sportchilarning musobaqalarga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rishi uchun zamonaviy mashg‘ulot bazalari mavjud bo‘lib, hozirda ular trenerlari bilan birgalikda milliy terma jamoalar tarkibida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda musobaqalarda qatnashmoqda.

“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari yoshlarga nima beradi?
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash va ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasi tarkibida 14 ta hududiy bo‘lim tashkil etildi. Hokimlar hududlarda Olimpiya harakatini rivojlantirishda Prezidentning vakillari bo‘ldi. Ya’ni, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hududiy bo‘limlariga hokimlar mas’ul.

Shuningdek, Prezidentning “2028 yil Los-Anjeles shahrida (AQSh) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda yilda ikki marta “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari o‘tkaziladigan bo‘ldi.

- “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari milliy terma jamoalar uchun iqtidorli yoshlarni saralashda katta tanlov maydoni bo‘lishi bilan birga, yurtimizda ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirishga xizmat qiladi, - deydi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘linmasi ijrochi direktori Qayum Sobirov. – Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan, uch bosqichdan iborat ushbu sport o‘yinlarining ilk musobaqalari sinov tariqasida mintaqalarda tashkil etildi. Unda sportimiz kelajagi bo‘lgan 15-17 yoshli navqiron avlod vakillari o‘rtasida dzyudo, boks, taekvondo WT, og‘ir atletika, yunon-rum kurashi, erkin kurash, yengil atletika, stol tennisi, badiiy gimnastika, 3x3 basketbol yo‘nalishlarida bahslashdi. Jumladan, viloyatimizda ushbu musobaqalarda 15 ming 750 nafar yoshlar qatnashib, 930 nafardan ziyod yoshlar musobaqaning viloyat bosqichiga chiqdi.

Aytish joizki, musobaqaning viloyat bosqichi g‘oliblari har yili Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan Prezident olimpiadasida ishtirok etadi. Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda 1-, 2-kurs o‘quvchilariga tegishli tartibda stipendiya to‘lanadi.

Sportchilarimiz nufuzli sport musobaqalarida ishtirok etadi
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning avgust oyida Xitoyning Chindu shahri Butunjahon o‘yinlariga, Ozorbayjonning Gandja shahri MDH o‘yinlariga mezbonlik qiladi. 17-24 avgust kunlari Samarqand eshkak eshish kanalida triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand-2025” xalqaro musobaqasi hamda harbiylar o‘rtasida 25-jahon chempionati o‘tkaziladi. Oktyabr oyida Manama shahrida (Baxrayn) yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlari, Braziliyada BRIKS o‘yinlari, noyabrda Ar-Riyod shahrida (Saudiya Arabistoni) Islom birdamlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

17-24 avgust kunlari sport kurashlari bo‘yicha Bolgariyaning Samokov shahrida bo‘lib o‘tadigan 17-23 yoshlilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga viloyatimizdan yakka kurash bo‘yicha Fayozbek Eshmirzayev, erkin kurashdan Sherzod Poyonov ishtirok etadi. Shuningdek, 28 avgust–10 sentyabr kunlari Tailadning Bangkok shahrida yoshlar va ayollar o‘rtasida o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga bokschi-qizlarimizdan Gulsevar G‘aniyeva, Maftuna Musurmonova, Sevara Mamatova ringga chiqadi.
Sentyabr oyida esa Angiliyada boks bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionatida Nigina O‘ktamova hamda Sitora Turdibekova yurtimiz sharafini himoya qiladi. Og‘ir atletikachimiz Sharofiddin Amriddinov oktyabr oyida Norvegiyada tashkil etiladigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida, noyabrda Saudiya Arabistonida Islom birdamligi o‘yinlarida qatnashadi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.