Samarqandda “Bojxona boshqarmasi boshlig‘i kubogi” g‘olibi aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kuni hamda Milliy bojxona tizimi tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan mini-futbol bo‘yicha “Bojxona boshqarmasi boshlig‘i kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
20-24 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqada viloyatda faoliyat yuritayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlaridan iborat 12 jamoa ishtirok etdi.
Musobaqaning final bosqichi natijasiga ko‘ra 1-o‘rin viloyat davlat xavfsizligi xizmati xodimlaridan iborat jamoaga, 2-o‘rin Milliy gvardiya boshqarmasi jamoasiga va 3-o‘rin Milliy gvardiya viloyat qo‘riqlash boshqarmasi jamoasiga nasib etdi.
G‘olib jamoalarga viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Yakub Mirzarahimov kubok, diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, 3 ta nominatsiya bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi. Ulardan Zohid Yusupov - "Eng yaxshi darvozabon” , Eldor G‘aniyev - “Eng yaxshi to‘purar” va Bekshod G‘afforov “Eng yaxshi o‘yinchi” deb topildi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.
***
Karate-VKF
Samarqand shahrida karate-VKF bo‘yicha bolalar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida viloyat ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda 600 nafar karatechi 55 vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Murosasiz kechgan bellashuv yakunida samarqandliklar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent shahridan kelgan sportchilar qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin qoraqalpog‘istonlik karatechilarga nasib etdi.
***
Taekvondo VTF
Samarqand shahrida taekvondo VTF bo‘yicha bolalar va o‘smirlar o‘rtasida Samarqand shahar 4-sektor kubogi ochiq musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvda 350 nafardan ortiq taekvondochilar g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Yakunda umumjamoa hisobida Samarqand sport yakka kurashiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent shahri sportchilari egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Jomboy tuman BO‘SM sportchilariga nasib etdi.
***
Universal jang
Samarqand shahrida universal jang bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar, kattalar va qizlar o‘rtasida viloyat chempionati tashkil etildi.
Shiddatli kechgan bahs yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand shahri sportchilari eng ko‘p medalga ega chiqdi.
***
Muay-tay
Samarqand shahrida muay-tay bo‘yicha 2007-2012 yillarda tug‘ilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida viloyat chempionati o‘tkazildi.
Viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 280 nafardan ortiq muay-taychilar o‘z vazn toifasida g‘oliblik uchun maydonga chiqdi. Yakuniy natijaga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand tumani sportchilari birinchilikni egalladi.
***
Sambo
Samarqand shahrida sambo bo‘yicha erkaklar va ayollar hamda o‘smirlar o‘rtasida viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda 200 nafardon ortiq 21 ta vaznda nafar tajribali va havaskor sambochilar o‘zaro g‘oliblik uchun bel olishdi.
Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida viloyat olimpiya zaxiralari kolleji sambochilari hammadan kuchli ekanini isbotladi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand sport yakka kurashiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari qo‘lga kiritdi. Bellashuvning uchinchi o‘rnini Toyloq olimpiya zaxiralari kolleji hamda Samarqand shahar 2-son BO‘SM egalladi.
Husan Eltoyev.