Sport xabarlari: O‘zbek jang san’ati, karate, kikboksing, kung-fu
O‘zbek jang san’ati
Samarqand shahrida O‘zbek jang san’ati bo‘yicha bolalar o‘rtasida “Qorbobo sovg‘asi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda 300 nafar sportchilar 28 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Murosasiz kechgan bellashuv yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand shahar O‘zbek jang san’ati ustalari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand tumani sportchilari qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Kattaqo‘rg‘on tumaniga nasib etdi.
***
An’anaviy karate-do
Samarqand shahrida an’anaviy karate-do bo‘yicha Samarqand tumani hokimining “Qorbobo sovg‘asi” ochiq kubok musobaqasi o‘tkazildi.
240 nafardan ortiq sportchi qatnashgan musobaqada g‘oliblik kubogini Samarqand shahri karatechilari qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin qashqadaryolik sportchilarga, uchinchi o‘rin Toshkent shahridan kelgan sportchilarga nasib etdi.
***
Aralash jang san’ati
Samarqand shahrida aralash jang san’ati turlari bo‘yicha professional sportchilar o‘rtasida "ATF-6 Amir Temur" chempionati o‘tkazildi.
Shiddatli kechgan bahsda respublikamizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalaridan jami 28 nafar sportchi g‘oliblik uchun bellashdi. Ularning 10 nafari MMA yo‘nalishida va qolganlari kikboksing bo‘yicha kuch sinashdi.
Mazkur chempionatda samarqandlik Sindor Nurullayev 70 kilogram vaznda hamda Suhrob Rahimbekov 84 kilogramm vaznda raqibini "yer tishlatdi". Afsuski, bir nafar sportchimiz kikboksingda raqibiga mag‘lub bo‘ldi.
***
Kikboksing, karate, kung-fu
Samarqand shahridagi 1-son bolalar o‘smirlar sport maktabida K-1 yo‘nalishi bo‘yicha kikboksing, karate, kung-fu ustalari viloyat birinchiligi bellashuvida jam bo‘ldi.
“O‘zbekiston yoshlari forumi-2021” tadbirlari doirasida tashkil etilgan bellashuvda 100 nafar sportchi g‘oliblik uchun mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Murosasiz kechgan bahs yakunida Samarqand shahri sportchilarining qo‘li baland keldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar buxorolik hamda namanganlik sportchilarga nasib etdi.
***
Muay-tay
Samarqand tumanida muay-tay bo‘yicha bolalar va o‘smirlar o‘rtasida “Qorbobo sovg‘asi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatimizning barcha hududidan kelgan 150 nafar sportchi o‘z vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Yakunda, umumjamoa hisobida Samarqand tumani sportchilari birinchilikni egalladi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand shahri soportchilari qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin pastdarg‘omliklarga nasib etdi.
***
Taekvondo ITF
Samarqand shahrida taekvondo ITF bo‘yicha 5 yoshdan 15 yoshgacha rangli va qora belbog‘ sohiblari o‘rtasida “Qorbobo sovg‘asi” musobaqasi o‘tkazildi.
Qiziqarli kechgan bahs yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Past Darg‘om tumani taekvondochilari birinchilikni egalladi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand shahri sportchilari, uchinchi o‘rinni Urgut tumani sportchilari qo‘lga kiritdi.
***
Mini futbol
Samarqand shahrida mini futbol bo‘yicha viloyat “2-liga birinchiligi va kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatdagi mahallalar, korxona va tashkilotlar, huquqni muxofaza qiluvchi organlar, oliy o‘quv yurtlarining havaskor jamoalari ishtirokida o‘tkazilayotgan bellashuvning birinchi turida 12 jamoa qatnashdi.
Barcha jamoalar bir-birlari bilan maydonda to‘p surdi. Mazkur musobaqa 2022 yilning aprel oyigacha davom etadi. Saralangan 8 jamoa g‘oliblik uchun olimpiya tizimida finalgacha boradi va g‘olib nomi aniqlanadi.
Husan ELTOYeV.