Sport xabarlari: futbol, gandbol, stritbol

Futbol

O‘zbekiston birinchi ligasi 3-tur o‘yinlariga start berildi.

Uning dastlabki o‘yini Farg‘onaning “Shahrixonchi” futbol jamoasi hamda Samarqandning “Unired” jamoasi o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston birinchi ligasi, ahamiyati bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi va O‘zbekiston Pro-ligasidan keyin turadi. 2021 yilda unda 12 ta klub kuch sinashgan bo‘lsa, joriy yil ularning soni 16 taga yetdi.

***

Gandbol

Samarqand shahrida sportning gandbol turi bo‘yicha ayollar va erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining 2-tur bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda dastlab, 19 apreldan 3 mayga qadar davom etadigan musobaqaning birinchi bosqichida xotin-qizlardan iborat 10 ta jamoa o‘zaro kuch sinashmoqda. Ikkinchi bosqichda erkaklar terma jamoalari bellashadi.

***

Besh tashabbus

Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida “Besh tashabbus — sport bilan” shiori ostida 2008-2009 yillarda tug‘ilgan maktab o‘quvchilaridan iborat jamoalar o‘rtasida stritbol sport turi bo‘yicha musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Jomboy tumanidagi 22-umumta’lim maktabi jamoasiga teng keladigani topilmadi. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda Paxtachi tumanidagi 27-umumta’lim maktabi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bekzod Ahmedov.