Sport xabarlari: Mini-futbol, kurash, stol tennisi, dzyudo

Mini-futbol
Samarqand shahrida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Boshqarma boshlig‘i kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Jamoalar maydonda murosasiz to‘p surishdi. Yakunda Oqdaryo tumani xalq ta’limi bo‘limi jamoasi Narpay tumani xalq ta’limi bo‘limi jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, kubokka ega chiqdi. Uchinchi o‘rin Toyloq tumani xalq ta’limi bo‘limi jamoasi nasib etdi.

G‘olib va sovrindor jamoalar ishtirokchilari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda O‘zbekiston "Yoshlik" jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat bo‘limi tomonidan kubok, diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


***
Kurash
O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat bo‘limi hamda viloyat kurash federatsiyasi hamkorligida 2007-2008 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida kurash bo‘yicha viloyat birinchiligi o‘tkazildi.

Sport yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan musobaqada viloyat bo‘yicha 200 nafarga yaqin umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari 13 ta vazn toifasi bo‘yicha g‘oliblik uchun bel olishdi.

Yakunda barcha vazn toifasida 3 nafardan kurashchi nomi e’lon qilindi va eng munosiblari saralandi.
***
Stol tennisi
Oqdaryo tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabida stol tennisi bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi.

Barcha tuman va shaharlardan kelgan 100 nafardan ortiq o‘quvchi shaxsiy, juftlik va aralash juftlik bahslari bo‘yicha g‘oliblik uchun bellashdi.

Qiziqarli va shiddatli kechgan musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
***
Dzyudo
Jomboy tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabida 2008-2009 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha viloyat birinchiligi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqada shahar va tumanlardan 150 nafardan ziyod o‘quvchi 9 ta vazn toifasi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurashga tushdi.

Barcha vazn toifasida eng munosiblar saralab olindi va rag‘batlantirildi.


***
Sport gimnastikasi
Samarqand shahridagi Gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida 2007 yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida sport gimnastikasi bo‘yicha viloyat birinchiligi tashkil etildi.

Viloyatning barcha hududidan kelgan 140 nafarga yaqin o‘quvchilar g‘oliblik uchun o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi.

Eng ko‘p medal Samarqand shahri gimnastikachilariga nasib etdi.

Bekzod Ahmedov.