Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Abituriyentlarning oshirilgan kontrakt bo‘yicha o‘qishga kirish ehtimoli pasaydimi?

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 19 dekabrdagi 11-son bayoni bilan 2020/2021 o‘quv yili qabulidan Respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlangan edi.

Unga ko‘ra, 2020/2021 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 105 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 280.5 ballni tashkil etadi. O‘tgan 2019/2020 o‘quv yili qabulida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball 189 ball edi.

Xo‘sh, nima bo‘libdi deysizmi? 2020/2021 o‘quv yili qabulidan abituriyentlarning to‘plagan ballari o‘rtasidagi tafovut o‘z o‘zidan katta bo‘ladi. Bu esa orttirilgan kontrakt bo‘yicha kirish ehtimolini pasaytiradi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oshirilgan kontrakt summasi to‘plangan ballar tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotasi chegarasiga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun quyidagicha miqdor belgilangan.

1 ballgacha yetmaganlar uchun – 1,5 barobar;

1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun – 2 barobar;

2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,5 barobar;

3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun – 3 barobar.

Demak to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal ball 189 balldan 280.5 ballga (koeffitsiyenti 48.5 foizga) oshdi. Shunga muvofiq orttirilgan kontraktda o‘qish tartibi bo‘yicha yetmay qolgan ballar orasidagi farqni ham oshirish kerak deb o‘ylayman.

Shaxzod AHMEDOV,

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti o‘qituvchisi.