Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

AQShlik olimlar “koronavirusni 100 foiz bloklaydigan“ vositani topishdi

Amerikaning Sorrento Therapeutics biofarmatsevtika kompaniyasi olimlari koronavirusni 100 foiz bloklaydigan antitanachani topishganini ma’lum qilishdi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, mutaxassislar milliardlab antitanachalarni tahlildan o‘tkazishib, ular orasida tojdor virusga ta’sir qiladigan yuzlab turlarini saralab olishgan. Tekshiruvlardan so‘ng o‘nlab antitanachalar qoldirilgan. Yakunda ulardan faqat bittasi, ya’ni STI-1499 deb nomlanuvchisi inson hujayralarini virus yuqishidan 100 foiz himoyalay olishga qodir ekanligi aniqlandi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rinmas qalqon virusni o‘rab oladi va to‘rt kun ichida uni organizmdan olib chiqib ketadi.

“Bu dori vositasi ekanligini alohida ta’kidlaymiz. Chunki unda aniq ishlaydigan yechim bor“, — dedi kompaniya asoschisi doktor Genri Ji. Hozircha bu boradagi sinovlar faqat laboratoriya sharoitida o‘tkazildi, shuning uchun hali preparatni ishlab chiqarishga ruxsat olingani yo‘q.

Doktor Jining e’tirof etishicha, mazkur dori vositasi sharofati bilan barcha mamlakatlar karantin choralaridan qutulishi mumkin. “Agar organizmimizda zararsizlantiruvchi antitanacha bo‘lsa, u holda ijtimoiy masofani saqlashga ham hojat qolmaydi“, — dedi u.

15 may kuni Rossiya federal tibbiy-biologik agentligi rahbari Veronika Skvorsova esa bezgakka qarshi mefloxin preparati samaradorligi haqida gapirgan edi. Shu bo‘yicha klinikaga qadar tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, mefloxin koronavirus yuqqandan boshlab 48 soat davomida uni to‘liq yo‘q qila olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun bir millilitrga ikki mikrogramm miqdordagi kichkinagina dozaning o‘zi kifoya. Skvorsova dorini ham profilaktika, ham davolash xususiyatlariga ega ekanligini ta’kidlagan.

Ayni paytga kelib yangi koronavirusga qarshi vaksina yaratilganicha yo‘q. Dunyoning turli mamlakatlari olimlari esa bu boradagi izlanishlarni jadal olib borishyapti. Hozircha tojdor virus infeksiyasini davolashda litsenziya olinmagan preparatlar va tajriba tariqasidagi terapiya usullari, misol uchun, mefloxin va gidroksixlorxindan foydalanilmoqda.