Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bayram yarmarkalari faqat qog‘ozdami? Aholi ulardan nega norozi?

“Zarafshon” gazetasining shu yil 22 avgustdagi 106-sonida “Viloyatimizda faqat sabzavot yetishtiriladimi?” sarlavhali maqola orqali Samarqand shahridagi dehqon bozorlarida fermer xo‘jaliklarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalaridagi holatga e’tibor qaratgandik. Xo‘sh, oradan bir haftadan ortiq vaqt o‘tdi, yarmarkalarda qanday o‘zgarish bo‘lgani bilan qiziqib yana o‘sha bozorlarni ko‘zdan kechirdik.

“Siyob dehqon bozori”da maqolamizda keltirilgan Urgut va Past Darg‘om tumani fermerlari odatdagiday maxsus rastalarda sabzavot sotishyapti. Yarmarkaning bunchalik kamtarligi “Siyob dehqon bozori” nufuziga to‘g‘ri kelmasligini hisobga olgan bozor ma’muriyati zaxira bo‘limi hisobidan mevalar savdosini tashkil etibdi. Yana Past Darg‘om tumanidagi “Po‘lat baliq havzasi” fermer xo‘jaligi baliq, Samarqand tumanidagi “Original maks lyuks”, “Navobod naslli parranda” “Talobod” fermer xo‘jaliklari kuniga 200 kilogrammgacha mol, qo‘y va tovuq go‘shti, 5 mingtagacha tuxum keltirishyapti.

“Urgut dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bayram yarmarkasida 39 ming so‘mdan go‘sht savdosini tashkil etibdi. Faqat bozor ma’muriyatning loqaydligi tufayli qachonlardir osib qo‘yilgan banner yarmarka boshqa joyda tashkil etilganiga qaramay hamon o‘z joyidan “siljimaydi”.

“Temiryo‘l dehqon bozori”dagi holat esa qachonlardir shu yerda fermerlarning haqiqiy arzonlashtirilgan yarmarkasi bo‘lganligini eslatadi. Hozir bu yerdagi fermerlar uchun ajratilgan rastalarni bozordagi olibsotarlar egallab olgan. Qachonki birorta tekshiruvchi bozorga kelsa olibsotarlar birdan fermer xo‘jalik a’zosiga aylanishadi, tabiiyki narxlar ham shunga moslashadi. Buni shu yerdagi iste’molchilar fikridan ham bilish mumkin.

Video: Youtube

- 20 yildan buyon shu yerdan bozorlik qilaman, - deydi Samarqand shahri Orzu ko‘chasida yashovchi Roziya Hotamova. – Xaridlarni 500 so‘m bo‘lsa ham arzonroq olish uchun yarmarkaga kelamiz, ammo bu yerdagi narxlar bozor bilan bir xil. Xo‘jako‘rsinga yarmarka tashkil qilishning nima keragi bor? Yarmarkadagi mahsulotlar nega yozib qo‘yilgan narxida sotilmayotganligini so‘rasak, olibsotar sotuvchilar yoqmasa boshqa joydan oling deyishadi. Shu ham savdo madaniyatimi? Misol uchun, bozorda kartoshkaning bir kilogrami  2-3 ming so‘mdan sotilyapti, yarmarkada ham shu narx. Kecha tekshiruvchilar kelgan paytda barcha rastalarga go‘shtning bir kilosi 39 000 so‘m, deb yozib chiqishdi, tekshiruvchilar ketgach yana 45 ming so‘mdan sotishdi.

Haqiqatan, yarmarkani aylanib, Oqdaryo va Toyloq tumanlaridan yarmarkaga mahsulot keltirgan bittadan fermer xo‘jalik a’zolarini uchratdik, xolos. Bozorga mahsulot keltirishi belgilangan Bulung‘ur tumani fermerlari va ularni terminallar bilan ta’minlashi lozim bo‘lgan “Xalq banki” xodimlari ham yarmarka bo‘layotganini unutib qo‘ygan.

“Marmar dehqon bozori”ga Payariq va Qo‘shrabot tumani fermerlari o‘zlari yetishtirgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkasini tashkil ettishlari belgilangan. Ammo 5 sentyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan yarmarka bu tumanlar dehqonlari uchun 28 avgustdan  yakunlanibdi. Bozorda maxsus ajratilgan rastalarda mahsulotni ham, sotuvchilarni ham uchratmadik.

Hozir ayni pishiqchilik davri va shu kunlarda xalqimiz eng ulug‘, eng aziz bayramni nishonlash arafasida. Aholining ko‘tarinki kayfiyatda bayramni kutib olishi va bozorlarimizda narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida yarmarkalar tashkil etilgan edi. Viloyat hokimligi tomonidan belgilangan rejaga asosan, viloyat hokimining o‘rinbosarlari boshchiligida boshqarma, tashkilotlar rahbarlari mas’ul etilgan tadbirga har bir tumandan necha turdagi va qancha miqdordagi mahsulot keltirilishi, hattoki xo‘jaliklar kesimida ham aniq belgilangan bo‘lsa-da, bayram yarmarkalari qog‘ozda o‘tyapti. Bunga mas’ullar nima deydi?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV,

“Zarnews.uz” muxbirlari.