Bekorchi yoki ehtiyojmand qolmasligi zarur

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Badriddin Nasriyev va boshqa deputatlar bugungi pandemiya davrida ana shunday fikr bilan ish olib borishmoqda.

Bugun B.Nasriyev Samarqand shahar 2-sektor rahbari Dilmurod Sayidqulov bilan sektorga qarashli Galaosiyo, Rasadxona, Toshkent, Yominiy va Go‘ri Amir mahallalarida yashovchi ehtiyojmand va kambag‘al oilalarga ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko‘rsatilishi, mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.

Shu maqsadda xonadonma-xonadon o‘tkazilgan uchrashuvlarda shahar Davlat xizmatlar markazi, mehnat bandligi va tijorat banki mutaxassislari ham ishtirok etib, fuqarolarning muammolariga quloq tutishdi.

Natijada novvoylik, parrandachilik, issiqxona qurish, qandolatchilik, tikuvchilik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha yuzga yaqin fuqarolar bank kredit mablag‘lari asosida tadbirkorlik faoliyatini boshlaydigan bo‘ldi.

Mutaxassis xodimlar tomonidan Galaosiyo mahallasi fuqarolari O‘tkir Jumayevga issiqxona qurish uchun 30 million so‘m, Alisher Egamberdiyevga novvoylikni rivojlantirish uchun 30 million so‘m, Nazira Salohiddinovaga parrandachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun 30 million so‘m kredit ajratish bo‘yicha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Shu bilan birga "Samarqand CITY" kompleksi qurilishi munosabati bilan “ERIEEL Enter Engineering" qurilish kompaniyasi, 8 mart tikuvchilik fabrikasiga hamda mehnat bandlik markaziga haq to‘lanadigan jamoat ishlariga 50 dan ortiq fuqarolar jalb qilindi.

Mutasaddi tashkilotlar bilan ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.