Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bemorlarning har biri uchun davlat tomonidan 5 mingdan 12 ming AQSh dollarigacha mablag‘ sarflanadi

Ilgari 2,5 oy davomida aniqlangan tahlil natijalari  uchun bugun bor-yo‘g‘i ikki soat vaqt ajratilmoqda. Ba’zi farzandlar esa ushbu xastalikka chalingan ota-onasini ko‘rishga kelmasligi ham bor gap ekan. Viloyatda bu xastalik bilan hisobda turuvchilar soni yildan-yilga kamaymoqda. Umuman, ushbu dispanserga borishdan oldin har biri kishi bir to‘xtab oladi, kasallik menga ham yuqmasmikan?

Men esa hamrohlik qilayotgan shifokorga shu savol bilan yuzlandim: «Doim shu qo‘rquv bilan yashaysizlarmi? Bu ishlashga halaqit bermaydimi, umuman, ushbu shifoxonada ishlash uchun shifokor qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?» «Bizlarni «Yaratganni o‘zi asrasin» degan vaksinamiz bor axir!», deya yarim hazil, yarim chin ohangda javob berdi shifokor. Dispanserga kirib, vziyatni o‘rganar ekanmiz, shifokorlarning bemorlar bilan aka-ukaday, opa-singilday bo‘lib ketganini ularning munosabatidan ham bildik. Kezi kelganda ularni himoyalovchi respirator, ba’zida hatto bu kabi vositalarisiz ham bemalol gaplashib, hol-ahvol so‘rab ketayotgan shifokorlarni kuzatarkanmiz, bu sohaning murakkabliklari nechog‘lik ekanini oz bo‘lsa-da, tasavvur qildik.

- Tibbiyotning har qanday sohasida bo‘lgani kabi bu maskanda ham shifokorlar avvalo o‘z ishini yaxshi ko‘rishi kerak, - deydi viloyat silga qarshi kurashish dispanseri bosh shifokori o‘rinbosari Qalandar Qo‘yliyev. – Xodimlarimiz barcha zamonaviy talablarga javob beruvchi  respirator, ya’ni himoya vositalari bilan ta’minlangan. Ularning maoshiga qo‘shimcha ustamalar belgilangan. Dispanserda 66 nafar vrach,   300 nafardan ziyod o‘rta va kichik tibbiy xodimlar faoliyat ko‘rsatadi.

Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, sil xastaligi ijtimoiy kasallik sifatida doimo davlat e’tiborida ekanligi ko‘pchilikka ma’lum. Yildan-yilga bu e’tibor kuchayib, bemorlar soni ham kamayib bormoqda. 2017 yildan hozirgi paytga qadar ftiziatriya xizmati faoliyatini sifat va samaradorligini yaxshilash maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, USAID, PROJEKT HOPE kabi qator tashkilotlar homiyligida, viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi yordami bilan dispanserga 15 ga yaqin chet el kilinikalarining yetakchi mutaxassislari tashrif buyurdi. Tashrif davomida jarrohlik amaliyotlari, o‘quv seminarlar o‘tkazildi. 2012 yilda Germaniyaning KFW banki tomonidan moliyashtirilgan mablag‘ asosida zamonaviy bakteriologik laboratoriya ishga tushdi. Laboratoriya eng yangi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, nafaqat viloyat, balki qo‘shni Jizzax, Sirdaryo viloyatlari aholisiga ham xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, 2019 yildan boshlab respublikada birinchilar qatorida silga qarshi antibakterial dori vositalari bilan qisqa muddatli an’anaviy usuldagi 18-24 oy o‘rniga 9 oylik innovatsion davolash kurslari tatbiq etildi. Ushbu davolash kurslari USAID hamda qator xalqaro, shuningdek, mahalliy vazirlik va tashkilotlar hamkorligida yo‘lga qo‘yildi.

2019 yil davomida 106 nafar bemorga qisqa muddatli davolash kurslari tatbiq etilishi natijasida 78 nafar bemorlarda davolash samaradorligi yaxshi natija bilan yaunlandi. Qolgan bemorlarda davolash tartibi yakunlanib, samaradorlik tahlillari olib borilmoqda.

Darvoqe, dispanser qoshida 2015 yildan boshlab sil kasalligiga chalingan bemor bolalarni davolash davrida uzluksiz ta’lim berish uchun 60 qatnovli «Yo‘ldosh» maktabi ham sog‘liqni saqlash tizimi tarkibida olib borilmoqda. Shuningdek, USAID bilan hamkorlikda tashkil etilgan dastur asosida silga qarshi antibakterial dori vositalari elektron nazorat tizimi amalda qo‘llanilib, sil kasalligiga chalingan bemorlarga nisbatan dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va maqsadli ishlatilishda samarali natijasini bermoqda. Prezidentimiz qarori, tegishli hukumat hujjatlari  ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda kasalikni erta bosqichda aniqlash ishlari olib borildi. Natijada kasallikni erta aniqlash ko‘rsatkichi avvalgi yillarga qaraganda 15,2 foizga oshgan.

- Ilgari biz tayinlagan davo muolajasi darhol ta’sir qilish-qilmasligi tusmol qilinardi, sababi, bemorda kasallik aniqlanganda unga qaysi muolajani amalga oshirish lozimligini aniqlashga ikki yarim oy vaqt ketardi, - deydi dispanser bo‘lim mudiri Abduvali Ashurov. – Hozir buning uchun 2 soat vaqt sarflanmoqda, xolos. Shuning uchun ham kasallik aniqlangandan darhol to‘g‘ri muolaja olib borilib, kasallikka chalinish holatlari kamayishiga erishilmoqda. Ammo aholi orasida hamon ushbu xastalik suyak suradi, qabilidagi gaplar bor. Shuning uchun unga chalingan ba’zi bemorlar dispanserda davolanishni istamaydi, uni qarindosh-urug‘laridan yashirishga intiladi. Vaholanki, kasallik suyak surmaydi, yuqumli, xolos. Uni aniqlangandan dispanserga yotqishi, uydagilarni ham albatta unga tekshirish shart. Ba’zilar esa hatto ota-onasini ham uzoq muddat shifoxonaga ko‘rishga kelmaydi, kasallikdan or qiladi. Vaholanki, himoya vositalari bemor bilan ko‘rishish, gaplashish uchun kasallik yuqtirmasligi uchun yetarlidir.

Shifoxona xodimlarining aytishlariga qaraganda, ushbu maskanda ishlayotgan har bir tibbiyot xodimi mas’uliyati bilan ajralib turadi, aks holda bu maskanda ish boshlamasdi. Uzoq yillardan beri ishlab kelayotan shifokorlardan Q.Qodirov, B.Miyliyev, Q.Rashidov, G.Kuliyeva, G.Suyunova, M.Qosimova, Z.Yo‘ldoshevlardan esa bemorlar doim minnatdor ekan.

Gulruh MO‘MINOVA.

Baxtiyor MUSTANOV (video, foto).