2022 yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun 205 milliard so‘m ajratildi, bu 2017 yilda ajratilgan mablag‘dan 10 baravar ko‘p

Samarqand shahrida “Immunizatsiya masalalarini targ‘ib qilishda OAV vakillarining ishtiroki” mavzusida seminar o‘tkazildi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sanepidqo‘mita”ning hududiy boshqarmalari axborot xizmatlari xodimlari, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida faoliyat yuritayotgan OAV vakillari ishtirok etdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda UNICEF hamkorligida o‘tkazilgan seminarda bugungi kunda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, jamoat salomatligini muhofaza qilishda immunizatsiya masalalarini keng jamoatchilikka yetkazishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.

Dastlab Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi vaksinalar logistikasi va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunova, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sitsi Singizi seminarning maqsadi va vazifalari haqida ma’lumot berdi.

- Bugungi kunda epidemik vaziyat barqarorligini ta’minlashning eng muhim sharti vaksinatsiya, - deydi S.Singizi. – Shu bois, dunyo miqyosida epidemiologik kasalliklarga qarshi kurashda immunizatsiya masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘ylaymanki, OAV vakillari bilan hamkorlik O‘zbekistondagi vaksinatsiya jarayonini yanada jadal sur’atlarda tashkil etilishiga xizmat qiladi.

- Qo‘mitamiz tomonidan aholining epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti, - deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova. - O‘tkazilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlar natijasida keyingi 5 yilda ayrim kasalliklar tugatildi, ko‘plab kasalliklar dinamikasida keskin pasayish kuzatildi.

2022 yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun 205 milliard so‘m ajratildi, bu 2017 yilda ajratilgan mablag‘larga nisbatan 10 baravar ko‘p va emlash qamrovi 98 foizga yetkazilib, emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi. Natijada 2017 yilda qizamiq va qizilcha kasalligi, 2018 yilda bezgak kasalligi tugatilganligi to‘g‘risida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sertifikatlari olindi, o‘lat, vabo, shol, difteriya, qoqshol kasalliklari umuman qayd etilmadi.

2022 yil yakuniga kelib 2018 yilga nisbatan brutsellyoz 30 foizga, virusli gepatitning “V” turi 96,4 foizga, virusli gepatitning “S” turi 89,9 foizga, OIV infeksiyasi 4,2 foizga kamaydi. So‘nggi bir yil davomida Yevropa va Jahon savdo tashkilotlari va xalqaro talablardan kelib chiqib, ta’lim, qurilish, oziq-ovqat va boshqa sohalar bo‘yicha 37 ta sanitariya qoida va me’yorlari yangi tahrirda qabul qilindi va xalqaro andozalarga moslashtirildi. Soha rivoji uchun va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida 243,4 mln. dollarlik 5 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Seminarda mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarda bepul majburiy amalga oshirilayotgan emlash bosqichlari, ularning amalga oshirish davomida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.