Endi poytaxtga borish shartmas: Samarqandda mintaqaviy gepatologiya markazi ochildi
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi qoshida tashkil etilgan "Gepatologiya markazi"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shifoxonada markaz uchun 2020 yilda investitsiya dasturi asosida 5,2 milliard so‘mlik ishlar bajarilib, yangi uch qavatli bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Gepatologiya markazida viloyat aholisi va qo‘shni viloyatlar hamda davlatlardan murojaat qilgan surunkali gepatit V, S, D virusli etiologiyali va jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarni tekshirish, davolash, kuzatish hamda ro‘yxatga olish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 30 o‘ringa mo‘ljallan markaz IFA, PZR, UTT va boshqa laboratoriya apparatlari bilan to‘liq ta’minlangan. Gepatologiya markazida malakali shifokor gepatologlar, UTT shifokori hamda shifokor laborant mutaxassislari faoliyat yuritadi.
Jigar bilan bog‘liq bu xastaliklarni to‘liq tekshirtirish uchun shu paytgacha samarqandliklar poytaxtga borishiga to‘g‘ri kelardi. Endilikda surunkali virusli gepatitlar (V, S, D) va jigar sirrozi kasalliklari, ularning asoratlarini kamaytirish, davolash ishlari to‘liq shu yerning o‘zida amalga oshiriladi.