Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Besh tashabbus ijrosi: Kattaqo‘rg‘onda raqamli texnologiyalar markazi ochildi

Ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus asosida Samarqand viloyatida ham amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan raqamli texnologiyalar markazi tashkil etildi.

Bugun o‘tkazilgan mazkur markazning ochilish marosimida vazirlik bo‘limi boshlig‘i F.Aripjonov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi M.Hoshimov ishtirok etdi.

– Kattaqo‘rg‘on shahrida bugun 26 ming nafardan ortiq yoshlar istiqomat qilmoqda, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i N.Eshnazarov. – Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus ijrosi doirasida bu yoshlarning 5 ming nafardan ortig‘ini axborot texnologiyalari va  raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘qitish hamda malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu markaz ayni shu maqsadda tashkil etildi.

Dastlabki bir yil davomida markazda 1800 nafardan ortiq kattaqo‘rg‘onlik yoshlarning robototexnika, dasturiy ta’minot va raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshiriladi. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich yana ham oshib boradi. E’tiborlisi, markazda yoshlar bepul o‘qitiladi va ular bu yerda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega.