Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bojxona yuk deklaratsiyasini o‘zgartirishning yangi tartibi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 10 fevral kuni “Bojxona yuk deklaratsiyasini (BYuD) o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” 3220 raqam bilan ro‘yxatga olindi.

* O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 266-moddasiga muvofiq bojxona rasmiylashtiruvi tugallanganidan va tovarlar muayyan bojxona rejimiga joylashtirilganidan keyin, bojxona yuk deklaratsiyasi qabul qilingan kundan e’tiboran uch yil ichida bojxona yuk deklaratsiyasini bojxona organining talabi bilan yoki vakolatli shaxsning arizasiga ko‘ra o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish mumkin.

* BYuDga o‘zgartirish  va qo‘shimcha kiritish BYuDni tuzatish shakli (BDT) orqali amalga oshiriladi.

Bunda BDTning muayyan grafalari bilan birga faqat BYuDga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritilishi lozim bo‘lgan grafalari to‘ldiriladi, xolos.

Ya’ni, BYuDning birgina grafasiga o‘zgartirish kiritish uchun ham uni tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan to‘liq yangidan qayta to‘ldirishga hojat qolmaydi.

BYuDdagi mavjud hujjatlarni takroran BDTga ilova qilinishi talab etilmaydi, sifatsiz (xira, bo‘yalgan, tushunarsiz va hokazo) hujjatlar bundan mustasno.

BDT o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimcha kiritilgan elektron BYuDning ajralmas qismi bo‘lib hisoblanadi.

* Shuningdek, tovarlarni elektron deklaratsiyalash avtomatlashtirilgan axborot tizimda bojxona organlari va deklaratsiyalovchi shaxslar o‘rtasida elektron xabarlarni almashish va bu orqali qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish va qabul qilib olish vositasi – axborot almashish tizimi joriy etiladi.

* Endilikda  BYuDga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritish uchun deklarant yoki deklaratsiyalovchi shaxs murojaat etilayotgan yilda rasmiylashtirilgan BYuDga bojxona to‘lovlari summalarini qaytarish yoki eksport shartnomalari bo‘yicha olib chiqilgan tovarlarning xalqaro tovar birjalarida qiymati o‘zgarishi sababli uning qiymati va bojxona to‘lovlari summalari o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimcha kiritish yuzasidan BYuD ro‘yxatga olingan bojxona posti boshlig‘iga murojaat etish huquqiga ega bo‘ldi.

* BYuDning faqat bojxona organi tomonidan to‘ldiriladigan grafalaridagi yozuvlarga o‘zgartirish kiritish zarur bo‘lgan taqdirda, o‘zgartirish kiritish bojxona organi xodimi tomonidan amalga oshiriladi hamda uning imzosi va shaxsiy raqamli muhri (elektron BYuDda elektron raqamli imzosi) bilan tasdiqlanadi.

Bojxona organi tomonidan to‘ldiriladigan grafalaridagi yozuvlarga o‘zgartirish kiritilganligi haqida deklarant yoki deklaratsiyalovchi shaxs yozma shakldagi xat yoki axborot almashish tizimi orqali xabardor qilinadi.

* Nizomda qaysi hollarda BYuDga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, bekor qilish yoki qaytarib olish mumkinligi yoki qaysi hollarda BYuDga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimcha kiritish taqiqlanishi belgilab berilgan.

* Nizom 4 bo‘lim, 8 bob va 106 banddan iborat bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin, 2020 yil 10 maydan e’tiboran kuchga kiradi.

Samarqand viloyati bojxonasi boshqarmasi axborot xizmati.