Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bojxonachilarning huquqiy savodxonligi oshirildi

Saylov targ‘iboti oyligi doirasida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida “Men saylovda faol ishtirok etaman!” mavzusida huquqiy-targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Samarqand shahar adliya bo‘limi boshlig‘i B.Jumaboyev, 56-saylov komissiyasi a’zosi B.Rahimov bojxona tizimi xodimlariga saylov qonunchiligi, yangi kodeks asosida saylovlarga tayyorgarlik jarayonlari haqida tushuncha va ma’lumotlar berishdi.

Shuningdek, tadbirda bojxona ma’murchiligining takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligiga ham to‘xtalishdi.

Ushbu kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, muayyan bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar va transport vositalarini ushbu bojxona rejimi talablariga muvofiq bo‘lmagan tarzda tasarruf etganlik uchun fuqarolarga eng kam ish haqining 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.

Endilikda, bojxona rasmiylashtiruvi tugallanmagan tovarlar va transport vositalarini tasarruf etganlik uchun fuqarolarga eng kam ish haqining 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.