Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Bola yomon bo‘lsa, ayb – otada”

Bir davrada suhbatdoshim gapdan-gap chiqib, dardihol qilib qoldi.

“O‘n ikki yil deganda xudoyimdan tilab-tilab olgan yolg‘iz o‘g‘lim bo‘lgani uchun bolaligidan aytganini muhayyo qildim. Maktabni bitirgach nufuzli institutga o‘qishga kiritdim, to‘g‘rirog‘i, kiritib qo‘yishdi.

Ikkinchi kursda o‘qiyotganida tug‘ilgan kuniga mashina sovg‘a qildim. Bolamning yurish-turishida o‘zgarish sezila boshladi. Men esa yolg‘iz o‘g‘il, qolaversa, ancha katta bo‘lib qoldi, deb ko‘p tergayvermadim. Bora-bora uyga kech keladigan bo‘ldi. Sababini so‘rasam, u o‘rtog‘ining, bu o‘rtog‘ining tug‘ilgan kunidan kelayotganini aytardi. Men har doimgiday ulg‘ayib qoldi, degan fikr bilan o‘zimga taskin berardim.

Bir kuni ishdan qaytganimda uyda yo‘q ekan. Qo‘ng‘iroq qilib qayerdaligini so‘radim. “O‘rtoqlarim bilan diskotekadaman”, dedi.

Hoziroq uyga yetib kel, dedim. Ammo qaytmadi. Shundan so‘ng haydovchim bilan uni olib kelgani bordim. Ichib olgan, zo‘rg‘a oyog‘ida turardi. Uni bu ahvolda ko‘rib, battar tutaqib ketdim. Rulga o‘tirmasligini tayinladim. Haydovchimga uning mashinasini haydashni buyurdim. U mening ko‘zimni shamg‘alat qilib, mashinaga o‘tirdi-da gazni bosdi. Ortidan biz ham mashinani haydadik. Chorrahada, svetofor qizil chirog‘ida o‘tib bir yigitni urib yubordi. Yigit shifoxonada jon berdi.

Hozir o‘g‘lim qamoqda ...”

Suhbatdoshimning gaplarini tinglab, ayrim savollar xayolimdan o‘tdi: nega ko‘pchilik farzandini yoshligida erkatoy, tanti qilib o‘stiradi-da, keyin afsuslanib yuradi? Yoki shunday bo‘lishini bila turib loqaydlik qilishadimi? Bunday vaziyat biz bilan ro‘y bermaydi deb o‘ylashadimi?

Farzand ko‘rish har bir inson uchun buyuk baxt, ularsiz hayotning ma’nosi yo‘q. Ammo farzandi ko‘p bo‘lsa ham, yolg‘iz bo‘lsa ham ularning kelajagi, ertasi bor. Hayot o‘z sinovlarida sen yolg‘iz o‘g‘ilsan, erkatoy, tantiq bo‘lib o‘sganing uchun, deb hech bir imtiyoz bermaydi. Ba’zi ota-onalar yolg‘iz farzandim deb taltaytirib yuboradi. Yengil hayotga o‘rgangan, doimo aytgani-aytgan, degani-degan bo‘lgan bola har doim to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, o‘zining aytgani bo‘lishini xohlaydi, qolaversa, salgina qiyinchilikka duch kelsa, yo‘lini yo‘qotib qo‘yadi.

Oilada farzand tarbiyasi ko‘p hollarda ona gardaniga tushadi. Bu noto‘g‘ri, nazarimda. Bolalar, ayniqsa, o‘g‘il bola ota tarbiyasiga juda muhtoj. Shuning uchun otalar o‘z bolalariga alohida vaqt ajratishlari zarur.

Yusuf Xos Hojib oilaviy tarbiyani, bola axloqiy taraqqiyotining asosi, deb hisoblagan: «Agap bolaning xulqi yomon bo‘lsa, bunda bolaning aybi yo‘q, hamma ayb - otasida», deydi alloma. Bolaning shaxs sifatida shakllanish jarayoni, ayniqsa, o‘g‘il bolalar uchun murakkab. Chunki ular, avvalo, ona muhitidan ajralishi va erkaklar muhitiga o‘tishi, unga moslashishi zarur. Bunday paytda unga har jihatdan ko‘maklashadigan kishi kerak. Ayrim otalar bunga e’tibor bermaydi. Ruhiy ko‘mak jihatidan o‘rtada qolgan bola onasiga murojaat qilishni or bilib, o‘zining muammolari bilan yolg‘iz qoladi.

Olimlarning kuzatishlaricha, o‘z otasi bilan juda yaqin bo‘lgan bolalar, odatda ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka deyarli berilmas ekan. Ammo noto‘liq oilada tarbiyalanayotgan bolalarning 33 foizdan ziyodi ichkilikbozlik, bezorilik, hatto giyohvandlik ko‘chasiga juda erta kirganliklari aniqlangan. Boisi otalar farzandiga yaqin bo‘lmagan, undagi o‘zgarishni, nimani xohlayotganini, nimalar bilan bandligini bilishmaydi.

Demak, hayotiy xulosa shu: o‘g‘il bola tarbiyasida asosiy tarbiyachi ota bo‘lishi shart. Ona ko‘ngilchanlik qilib bolalarini erkalatib yuborishi mumkin.

Olim Sonniboyev.