Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bu dunyoda kasal bo‘lib bo‘lmaydi

Sarlavhani o‘qib  "bu hozir bir kasalxonani tanqid qiladi yoki biron bir do‘xtirni", deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz adashasiz. Bu safar vrach yoki kasalxona haqida emas, o‘zimiz, o‘z sog‘lig‘imizga e’tiborsizligimiz haqida yozmoqchimiz.

Bir joyimiz og‘rib kasalxonaga borsak, navbat kutib o‘tirgan chog‘imiz shu jarayonni telefonda suratga yoki videoga olamiz-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatamiz. Navbat kattaligidan noliymiz. Keyin vrach, u yozib bergan dorilar haqida yozamiz, retseptni ham rasmga tushirib, dori-darmonlarning qimmatligidan noliymiz. Lekin baribir vrach qo‘ygan tashxis asosida davolanishni boshlaymiz va ota-bobolarimiz kasal nima ekanligini bilmaganini, bugunga kelib biz noziklashib ketganimiz tufayli kasaldan boshimiz chiqmayotgani haqida bizga osma qo‘yayotgan do‘xtirga "leksiya" o‘qiymiz. U esa bunday gaplarni har kuni, har kimdan eshitgani uchun tasdiq ma’nosida boshini sarak-sarak qilib turaveradi. Davolanish oxiriga yetib, bu uchun anchagina mablag‘imiz, vaqtimiz, asabimiz ketganidan jahlimiz chiqib, asabimiz buzilib yana boshqatdan kasal bo‘lib qolaveramiz.

Ha, biz shundaymiz. Hamma narsani bilamiz-u, ammo o‘z sog‘lig‘imiz qadriga o‘zimiz yetishimiz kerakligini, uni asrashni, sog‘lig‘imizni o‘zimiz ongli ravishda yo‘qotayotganimizni bilmaymiz, xolos.

Keling, uzoqqa bormaylik. Nos va sigaret chekish, spirtli ichimliklar ichish sog‘ligimiz uchun zararli ekanligini yaxshi bilamiz. Ammo, bila turib ularni iste’mol qilishdan o‘zimizni tiymaymiz.

Gazli va rangli ichimliklar ham me’yoridan ortiq iste’mol qilinganda zararligini, jigarimiz kushandasi ekanligi haqda ko‘p eshitamiz-u buni ham shunchaki gap-da, deb ichaveramiz.

Sport bilan doimiy shug‘ullanish sog‘ligimiz uchun nihoyatda katta foyda ekanligini ham bilamiz. Lekin bu ish bilan ham shug‘ullanmaymiz. Sportzalga borishga vaqt yo‘qligini bahona qilamiz. Aslida, sportzalga bormay, ertalab turib biroz yugurish, badantarbiya qilish, piyoda yurishning o‘zi kifoya qiladi.

Bizning taomlarimiz judayam mazali. Biroq haddan tashqari og‘ir. Bu taomlar tufayli tanamizni yog‘ bosib, yurak va qon-tomirlarimizda qon aylanishida muammolar kelib chiqib, yurak kasalini orttirib olishimizni ham bilamiz. Bu haqda ko‘p etishamiz, bunga guvoh bo‘lamiz ham. Afsuski, o‘zimizga kelganda nafsimizni tiyolmaymiz-da.

  Yurtimizda o‘sadigan shifobaxsh o‘simliklar va quruq mevalarning salomatlik uchun foydasi haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Bu ham barchamizga yaxshi ma’lum. Lekin aksariyatimiz hatto, bir yilda bir marta na’matak yoki turshakni qaynatib ichib ko‘rmaymiz. Istalgan vrachdan so‘rang, kiyik o‘tini damlab ichib turish kishi sog‘ligi uchun juda foydali ekanligini yoki profilaktika uchun bir yilda 2-3 marta 4-5 kunlab makkajo‘xori so‘tasini qaynatib ichish salomatlikka foydaliligini ta’kidlaydi. Ammo aytingchi, siz jo‘xori so‘tasini oxirgi marta qachon qaynatib ichgansiz? O‘zi, umuman biron marta ichganmisiz? Masalan, men bundan 15 yilcha oldin ovqatdan zaharlanib jigarim shishganda do‘xtirning tavsiyasi bilan  ichgan edim. O‘shanda uning sog‘ligim uchun foydali ekanini ham sezganman. Undan keyin esa...

Har xil quritilgan mevalardan tayyorlangan sharbat ham kishi sog‘ligi uchun nihoyatda foydali. Ammo siz ana shunday sharbatni qachon qaynatib ichganingizni eslay olasizmi? Men eslay olmayman. Yana bir shifobaxsh ne’mat – oddiy nonjiydani qachon yeganingiz esingizdami?

Xullas, sanaymiz desak, sog‘lig‘imiz uchun nima zarur-u nima nojoizligi haqida sabablar juda ko‘p va ularni ko‘pchiligimiz yaxshi anglaymiz. Anglaymiz-u unga amal qilmasligimiz ham haqiqat.

Tirik jonmiz. Kasal bo‘lib jonimiz og‘riydi. Kasal bo‘lgan odamlar qancha mablag‘ sarflayotganini, vaqtini, sog‘lig‘ini yo‘qotayotganini ham ko‘ryapmiz. Shunday ekan biz kasalxonaning ahvolini, vrachlarning muomalasini tanqid qilishdan oldin o‘z sog‘ligimiz haqida ozgina o‘ylab ko‘raylik, e’tiborli bo‘laylik.

Hozirgi zamonda kasal bo‘lish judayam og‘ir. Buni kasaldan boshi chiqmayotgan insonlar yaxshi bilishadi. Shunday ekan, endi bu dunyoda kasal bo‘lib bo‘lmaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh.