Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Chegara-o‘tkazish punktlarida nazorat tartiblari takomillashtirildi

Joriy yilning 18 noyabrida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror ilovasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”  tasdiqlandi.

Aytib o‘tish joizki, ushbu qaror bilan qaysi davlat nazorati organi nimani, qachon tekshirishi aniq belgilab qo‘yildi. Shuningdek, bojxona chegarasi orqali tovar va transport vositasini olib o‘tishga nimalar asos bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Nizomga muvofiq Davlat chegarasi orqali o‘tadigan barcha shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, shuningdek, fitosanitariya va veterinariya nazoratiga tegishli bo‘lsa, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tkaziladi.

Ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida davlat nazorati organlari tomonidan o‘tkazish punktida haydovchilar, tovarlar va transport vositalarining nazorat tartib-taomillardan o‘tkazilishi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi asosida amalga oshiriladi.

Nizomda o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarining bo‘lish vaqti aniq belgilandi.

Ya’ni, avtotransportning o‘tkazish punktida bo‘lish vaqti uning turi va o‘tkazish punktining texnik holatiga qarab quyidagi muddatdan ortiq bo‘lmasligi kerak:

yengil avtotransport vositalari – 15 daqiqa;

yuk avtotransport vositalari – 30 daqiqa.

Bunda avtotransportning har bir davlat nazorati organlari tomonidan tegishli tartib-taomillardan o‘tkazilishi vaqti O‘zbekistonga kirishda quyidagicha belgilangan:

sanitariya-karantin nazorati (haydovchi sanitariya nazoratidan o‘tkaziladi) – 3 daqiqa;

chegara nazorati (Davlat chegarasini kesib o‘tish huquqni beruvchi hujjatlar mavjudligi va pasport tekshiriladi) – 4 daqiqa;

bojxona nazorati (haydovchi, tovarlar va avtotransport vositasi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi) – 15 daqiqa;

fitosanitariya nazorati (olib o‘tilayotgan tovar fitosanitariya nazorati ob’yekti bo‘lsa, fitosanitariya nazoratidan o‘tkaziladi) – 4 daqiqa;

veterinariya nazorati (olib o‘tilayotgan tovar veterinariya nazorati ob’yekti bo‘lsa, veterinariya nazoratidan o‘tkaziladi) – 4 daqiqa.

Nizomda, shuningdek, qaysi hollarda nazorat tartib-taomilidan o‘tish vaqti belgilangan me’yorlardan ortiq bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Jumladan, o‘tkazish punktida faoliyat olib boruvchi davlat nazorati organlari qonunbuzarlik holatlarini aniqlaganida nazoratdan o‘tish vaqti belgilangan muddatdan ortiq bo‘lishi mumkin.

Mazkur qarorning qabul qilinishi davlat nazorati organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash hamda avtotransport vositalarining tirbandligi holatlarini bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, chegara-bojxona postlari orqali avtotransport vositalarida harakatlanayotgan fuqarolar respublikamizning chegara bojxona postlarida navbatda turgan avtotransport vositalari soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan onlayn ravishda Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti orqali tanishishlari mumkin.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.