AQSh O‘zbekiston chegara qo‘shinlariga maxsus uskunalar taqdim etdi

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga 225 dona FLIR infraqizil monokulyar taqdim etdi. Bu haqda elchixona axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Chegara qo‘shinlari nomidan uskunalarni polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib olgan. Ushbu kuzatuv uskunalari AQSh davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida sovg‘a qilingan. Uskunalar qiymati 600 ming dollarga teng.

2001 yilda AQSh va O‘zbekiston ilk bor mudofaa sohasi va qurollar tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandan buyon, mamlakatlar yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallar tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha to‘la huquqli sherik bo‘lib kelmoqda.