Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Chet elga ishlashga ketayotgan fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i sug‘urta qilinadimi?

Chet elga ishga ketayotgan fuqarolarga jamg‘arma hisobidan “Hayot, sog‘liq va ishga joylashish uchun patent berilishining rad etilishi tavakkalchiligi”ni sug‘urtalash bo‘yicha subsidiya joriy etildi.

Prezidentimizning 2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi (PF-5785-sonli) Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi (713-sonli) qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda ushbu xizmatlarni tashkil qildi.

Jumladan, vazirlik va sug‘urta tashkiloti o‘rtasida “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga ketayotgan fuqarolarga hayot, sog‘liq va ishga joylashish uchun patent berilishining rad etilishi tavakkalchiligini sug‘urtalashda hamkorlik qilish to‘g‘risida” memorandum tuzildi. Mazkur hujjatga ko‘ra, chet elga ishga ketayotgan fuqarolarga ushbu xizmatlar uchun patent berilishining rad etilishi tavakkalchiligi yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan sug‘urta polisi joriy etildi.

Bunda sug‘urta muddati - sog‘liq va ishga joylashish uchun patent berilishining rad etilishi tavakkalchiligi bo‘yicha 1 oy (O‘zbekiston chegarasidan chiqqan kundan boshlab) hamda hayot sug‘urtasi (fuqaro vafot etganda jasadini repatriatsiya qilish (vatanga qaytarish) – 12 oy etib belgilangan.

Sug‘urta mukofoti esa quyidagicha:

- birlamchi tibbiy xizmat va ixtisoslashtirilgan shoshilinch tez tibbiy yordam – har bir yo‘nalish uchun 1500 EUR;

- fuqaroning jasadini repatriatsiya qilish (vatanga qaytarish) – 6000 EUR;

- baxtsiz hodisa tufayli vafot etganda - 1000 EUR;

- patent hujjatlarini rasmiylashtirishda rad javobini olganda - 2 000 000 so‘m.

Shuni alohida aytish lozimki, Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun taqiqi bo‘lgan fuqarolarga, masalan, fuqaro Rossiyaga borish uchun chipta sotib olib, ma’lum bir shaharga borganda, aeroportda taqiqi chiqsa, unga sug‘urta mukofoti berilmaydi. Faqatgina patent hujjatlarini rasmiylashtirishda rad javobini olgan taqdirda sug‘urta mukofoti ajratiladi.

Ushbu sug‘urta polisiga ega bo‘lish uchun fuqarolar faqatgina shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida tashkil etilgan “Ixtisoslashtirilgan kassa”larga murojaat qilib labormigartion.uz dasturiy ta’minotidan ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘ladi.

Sug‘urta uchun bir martalik subsidiya xarajatlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilyapti.

Abduaziz HAFIZOV,

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyati filiali direktori.