Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlar o‘rtasida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuv bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
OAVlarda Rossiya Federatsiyasidagi mehnat migrantlari o‘rtasida mushtlashuv yuz bergani, ularning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani haqida xabar qilingan edi.
O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot taqdim etdi.
Qayd etilishicha, 2023 yil 16 noyabr kuni Moskva shahrining Sviblovo tumanida joylashgan "Afi Tover" ko‘p qavatli uy qurilishi maydonida 35-40 nafar fuqaro ishtirokida janjal yuz bergan.
Sviblovo tumani ichki ishlar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yuz bergan ommaviy mushtlashuv oshxonaga kirish uchun navbatda turgan ishchilar va umumiy navbatni chetlab o‘tib, oshxonaga kirishga uringanlar o‘rtasidagi og‘zaki janjal sabab yuz bergan.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 213-moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoyat ish qo‘zg‘atilib, fuqarolarning 6 nafari jinoiy, 3 nafari mamlakatdan majburiy chiqarib yuborish shaklida ma’muriy, boshqalari ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagani sababli jarima shaklida ma’muriy javobgarlikka tortilgan.