Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatlari markazida korrupsiyaga qarshi qanday kurashiladi?

Biror idora yoki tashkilotga ishimiz tushib borar ekanmiz, u yerda ta’magirlik qilishsa, xodimlar lavozim majburiyatiga kiradigan vazifani bajarish uchun sizdan biror narsa kutishsa, noiloj qolamiz. Aksar hollarda bu illatga qarshi kurashishga o‘zimizda kuch yoki hafsala topa olmaymiz. Sababi agar bu holat haqida kimga, qay tartibda murojaat qilishni bilmaymiz.

Vaholanki, davlatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, xususan, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017 yil 3 yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

Albatta, qonun yaxshi, ammo u joylarda ijro qilinmasa, faqat qog‘ozda qolib ketmaydimi, degan mantiqiy savol tug‘ilish tabiiy. Negaki, qonunda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hamda bu boradagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari mustahkamlangan. Vakolatli organlar tizimi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, xalqaro hamkorlikka oid qoidalar belgilangan.

Bu borada muayyan ishlar olib borilayotganini qayd etish joiz. Xususan, davlat organlari faoliyatining ochiqligi ta’minlanmoqda, davlat xizmatchisining har bir nojo‘ya xatti-harakati, u kim bo‘lishidan qat’i nazar OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali oshkor etib borilmoqda.

Adliya vazirligi va uning tizimidagi organlar hamda muassasalarda, shu jumladan, Davlat xizmatlari markazlarida ham korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Adliya vazirining 2020 yil 24 martdagi buyrug‘i bilan “Adliya organlari va muassasalari xodimlari tomonidan vazifalarni bajarishda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan. Nizom talablari barcha xodimlar e’tiboriga yetkazilib, unga rioya qilish doimiy nazorat qilinib borilmoqda.

Qo‘pchilikka ma’lum, viloyatimizda bosqichma-bosqich Davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy yangi binolari qurib, foydalanishga topshirilmoqda. Markazlar aholiga tezkor, qulay va sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatishi uchun so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, videokuzatuv moslamalari bilan jihozlanib, xodimlarning har bir xatti-harakati boshqarma tomonidan muntazam kuzatib borilmoqda.

Bundan tashqari, markazlar binolarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida burchaklar tashkil qilingan. Unda aholiga davlat xizmatlari haqida tezkor va ishonchi ma’lumot berish, yuzaga keladigan muammoli vaziyatlarning yechimini topish hamda sohaga oid taklif va e’tirozlarni bildirish uchun 1148 raqamli “Ishonch telefoni” yozib qo‘yilgan.

Shuningdek, markaz ish rejimi, fuqarolar uchun to‘lovlar, pullik xizmatlar, ko‘rsatilayotgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha qisqacha ma’lumotlar joylashtirilgan. Bu borada ortiqcha to‘lovlar yoki boshqa ta’magirlik holatlari bo‘yicha “Korrupsiya holatlari bo‘yicha xabar berish qutisi” ham o‘rnatildi.

Qisqasi, davlat xizmatlari markazlari xodimlari tomonidan markazga tashrif buyurayotgan fuqarolarga nisbatan ta’magirlik qilinsa yoki ortiqcha pul talab qilish holatlari, xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya qilmasligi, umuman, har qanday ko‘rinishdagi korrupsiya holatlari bo‘yicha 1148 “Ishonch telefoni”ga yoki markaz binolarida joylashtirilgan “Korrupsiya holatlari bo‘yicha xabar berish qutisi”ga murojaat qilishlari mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 29-moddasiga asosan anonim murojaatlar ko‘rib chiqilmasligi ma’lum qilinadi.

Sardor DAVRONOV,

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi.