Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bulung‘urdagi to‘rt yuzdan ziyod aholi ariqdan suv ichadi

  1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

Prezidentimizning “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yilda Bulung‘ur tumanida 36 ta loyiha rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning bajarilishi xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashining oltinchi sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 14-Mingchinor saylov okrugidagi “Mingchinor” mahallasi hududida “G‘ulomjon Gaz Servis” mas’u­liyati cheklangan jamiyati tashab­busi bilan aholiga suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 500 million so‘mlik loyiha yakunlanib, 4 kishi ish bilan taminlandi.

Bundan tashqari, “Bulung‘ur meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan 1 milliard so‘mlik (shundan 515 million so‘m kredit mablag‘lari) loyiha ham amalga oshirildi. Bunda 50 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish asosida uzum yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.

  1. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Ish rejaga muvofiq joriy yilda saylov okrugimda o‘ndan ortiq turli tadbirlar tashkil etdim. Xususan, pandemiya davridagi qoidalar, «Saxovat va ko‘mak» xayriya harakati mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, “Deputat va yoshlar” uchrashuvlari shular jumlasidan.

Aholi muammolarini o‘rganish va ularni hal etish maqsadida Mingchinor, Mo‘g‘ol, Qirqshodi, Olomon, Eson Turdiyev, Oqtepa, Esonturdi, Kattaqish­loq-1 mahallalari va tuman markazida uchrashuvlar o‘tkazdim.

Muloqotlar chog‘ida 40 dan ortiq muammolar ko‘tarildi. Ulardan 4 tasi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi, 3 ta masala joyida hal etildi. Shuningdek, 10 dan ortiq muammo yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yo‘lladim.

  1. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.

Saylovchilar Olomon qishlog‘ida 150 dan ziyod, Besh bola qishlog‘ida 100 dan ko‘proq, Uray qishlog‘ida 170 ga yaqin xonadon aholisi ariqdan suv ichishini bildirdi. Bu masalada Sirli Olomon qishlog‘idagi eski artezian qudug‘i yechim bo‘lishi mumkinligi, biroq u uzoq yillardan buyon ishlamayotganligi, agarda ta’mirlansa aholi ichimlik suv bilan ta’minlanishini aytishdi.

Masalani har tomonlama o‘rganish va mutasaddi tashkilot rahbari sifatida mavjud holatni yaxshilash va muammoni hal etilishi bo‘yicha viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi direktoriga murojaat qildim. Berilgan javobga ko‘ra, tayyorlangan loyiha dasturga kiritilgan.

Baxtiyor Abdullayev,

14-Mingchinor saylov okrugidan saylangan viloyat Kengashi deputati.