Deputat mahallaga hisobot beradi

Zarnews.uz saytida 2020 yilning 10 yanvar kuni e’lon qilingan “Mahalla deputatdan nega foydalana olmayapti?” nomli maqolaga munosabat.
Ko‘rayapmiz, guvohi bo‘layapmiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga saylangan ayrim deputatlar fuqarolar e’tiroz bildirganidek, saylovchilar bilan saylov o‘tganidan so‘ng deyarli uchrashuvlar tashkil etmaydi. Ayrim hududlarda fuqarolar o‘zlari saylagan deputatlarni tanimasligini ham ma’lum qilishayapti.
Shu ma’noda jurnalist Farmon Toshev o‘z chiqishida “...Deputatlarning faolligi mahallada nega ko‘zga tashlanmayapti? Ayrim deputatlar yillar davomida saylovchilar bilan muloqot o‘tkazmaydi. Ba’zan u yoki bu sanaga bag‘ishlab nomigagina tadbir o‘tkazishadi”, deya ayni haqiqatni ko‘tarib chiqqan.
Albatta, aholi, aniqrog‘i saylovchilar deputatga ishonchni qarzga bergan. Odatda qarz uzilishi kerak. Aks holda ikki o‘rtadagi ishonchga putur yetadi. Menimcha, aynan shuning uchun deputatni chaqirib olish vakolati siyosiy partiyalar va saylovchilarga berilgan.
Aytmoqchi bo‘lganim, deputat odamlar bildirgan ishonchni oqlamadimi, uni chaqirib olish shart. Bunda albatta, mahalla oqsoqollarining tashabbuskorligi talab etiladi. Negaki, joylardagi u yoki bu masalalarni, muammolarni hal etishda fuqarolar yig‘inlariga katta huquq berilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida” hamda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlari, Prezidentimiz va Hukumatimizning bir qator hujjatlarida fuqarolar yig‘inlariga har chorakda hokimlik va hokimlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar, mahalla hududida joylashgan tashkilot va idoralar, sektorlar rahbarlarining, shuningdek, shu hududdan saylangan deputatlarning hisobotlarini eshitish vakolatlari belgilab berilgan.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2019 yil 2 apreldagi farmoni bilan murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy qilindi.
Unda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa soha ob’yektlarini o‘rganish orqali muammolarni aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini ko‘rish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish belgilandi.
Shuningdek, har chorakda aniqlangan muammolar to‘g‘risida umumlashgan ma’lumotlar, shuningdek, tegishli mansabdor shaxslarning hisobotini eshitish bo‘yicha takliflarni xalq deputatlari Kengashlari majlislarida muhokama qilish uchun kiritish talab etiladi.
Maqolada e’tiroz bildirilganicha bor. Shuncha huquq va vakolatga qaramasdan, ayrim fuqarolar yig‘inlari raislari o‘z vakolatlarini to‘liq anglab yetmaganligi yoki ishiga mas’uliyatsizligi oqibatida hokimlik, hokimlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar, sektorlar va deputatlar kuchidan to‘laqonli foydalana olmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, mahalladagi muammo va masalalarni ko‘tarib chiqolmayapti.
Viloyat mahallalar Kengashi jurnalist Farmon Toshev ko‘targan masalani qo‘llab-quvvatlagan holda mahalla raislariga ishni tizimli yo‘lga qo‘yishlari, deputatlar bilan uchrashuv jadvalini ishlab chiqishlari va jadval asosida muloqotlar o‘tkazishlari, mahalla idorasida deputatlarning ism-sharifi, ish va qo‘l telefoni yozilgan lavha ilib qo‘yishlari tavsiya qilindi.
Shuningdek, har oyda bir marta deputat ishtirokida u yoki bu qonun targ‘iboti bo‘yicha uchrashuvlar uyushtirish, aholi talablarini tahlil qilib, deputatga yetkazishlari, hududga mo‘ljallangan loyihalardan va ular ijrosidan aholini xabardor qilib borishlari yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Xulosa o‘rnida, yangi saylangan deputatlarimiz o‘zlari saylangan hududda saylovchilar bilan uchrashuvlar uyushtirib, to‘planib qolgan muammo va masalalarni fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda mahalliy hokimlik va boshqaruv idoralariga olib chiqsa, ijrosini nazoratga olsa, o‘ylaymizki, joylardagi muammolar yechimi tezlashadi va xalq rozi bo‘ladi.
Badriddin NASRIYeV,
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari.