Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dronlar bilan uyushtirilgan hujum tufayli Saudiya Arabistoni odatdagidan ikki barobar kam neft qazib olyapti

Saudiya Arabistonining dunyodagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga hujum uyushtirildi. Mazkur holat ayni vaqtda mamlakat uchun halokatli oqibatlarga olib keldi. Ya’ni, neft ishlab chiqarish kamida ikki barobarga kamaydi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.

Tez orada Saudi Aramco kompaniyasining dunyodagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga dronlar yordamida amalga oshirilgan hujumni kim tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi. Hujum yamanlik isyonchi husiylar tomonidan uyushtirilgan. Saudiylar ayni vaqtda ular bilan urush olib borishmoqda.

Islomning shia mazhabiga e’tiqod qiluvchi husiylar 10 dona uchuvchisiz boshqariladigan dronlar yordamida mamlakatning sharqida joylashgan “Abkayk” va poytaxt Ar-Riyoddan sharqda joylashgan “Xuraysk” neftni qayta ishlash zavodlariga hujum uyushtirilgan.

Mutaxassislarning fikricha, uyushtirilgan hujum Saudiya neft sanoatiga nisbatan qilingan terrorchiliklarning so‘nggi o‘n yildagi eng yirigi bo‘lgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ayni vaqtda Saudiya Arabistonida neft sutkasiga odatdagidan ikki barobar kam miqdorda qazib olinyapti. Bu neft eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, dunyoda neft narxining oshishiga olib kelishi mumkin.

“Abkayk” neft tizimining yuragi hisoblanadi va endi u “yurak xuruji”ga uchradi”, dedi HIS Markit maslahatchisi Rodjer Dayvan.

Hujumga qadar “Abkayk” sutkasiga 7 million barrel xomashyoni qayta ishlardi va uning o‘tgan yilgi sof daromadi 111.1 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan.

Dronlar bilan qilinadigan hujum jahon terrorizmida nisbatan ishlatilmasa-da, bugungacha bu usul ommaviy tarzda qo‘llanilmagan. Ayniqsa, Saudiya neftni qayta ishlash zavodlaridagi kabi yirik ob’yektlarga hujum uyushtirilmagan.