Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Elmira Bositxonova: Har bir mahallada “Salomatlik maktabi” tashkil etilishi zarur

Avval xabar berganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova shu kunlarda Samarqand viloyatida aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda.

Kecha, 16 yanvar kuni vazir o‘rinbosari Bulung‘ur tumanida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil etilgan “Ayollar maslahatxonasi” va “Qizlar salomatlik markazi” faoliyatini o‘rganib, soha mas’ullariga ish unumdorligini oshirish hamda har bir mahallada “Salomatlik maktabi”ni tashkil etishda tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, E.Bositxonova tumandagi bir necha xonadonlarga kirib, ayollar bilan salomatlik, sog‘lom turmush tarzi haqida suhbatlashdi, ro‘zg‘or yuritishda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish zarurligiga ahamiyat qaratdi. Shuningdek, aholini xatlovdan o‘tkazish, antropometrik ko‘rsatkichlarni o‘lchash jarayonlari, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish holatini o‘rgandi.

E.Bositxonova viloyat va tuman sog‘liqni saqlash boshqarma va bo‘lim rahbarlariga tumanning Samarqand mahallasida eng namunali “Salomatlik maktabi”, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida eng namunali “Ayollar maslahatxonasi” va “Qizlar salomatlik markazi”ni tashkil etish vazifasini topshirdi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.