Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Elmira Bositxonovani Irodaning irodasi hayratga soldi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi 100-ixtisoslashtirilgan maktab-internatga tashrif buyurib, ushbu maktabning 6-sinf o‘quvchisi, shu kunlarda “Central Asiaʼs Got Talent” ko‘rsatuvida “Shukr qiling” nomli she’ri bilan ko‘pchilikni hayratlantirgan qizaloq Iroda O‘rozova bilan uchrashgan edi. O‘shanda undan she’r tinglashgan va iqtidorini yuqori baholab, “Shu qizchaning ko‘zlarida nimadir bor, g‘am va hayotdan boshqa”, degan fikrda qaytishgandi.

Iroda O‘rozova asli Surxondaryoning Qiziriq tumanidan. Otasi Farhod aka va onasi Oysulton opalar farzandining iqtidorini parvarish qilishadi. Ustozlari ham muntazam e’tibor qaratishadi. Uning qo‘lchalarida tug‘ma nogironlik bor. She’r yozadi, raqsga tushadi va ashula ham aytadi. Maktabda 2 marta shashka bo‘yicha musobaqa g‘olibi ham bo‘lgan.

Iroda qo‘llarini sog‘lom deb o‘ylay olganiga hayratlanasiz, ko‘rsangiz. U “Men qo‘llarim bilan mustaqil ravishda hamma narsa qila olaman. Kitobni ushlay olaman, she’r yoza olaman, hatto mikrofon ham tuta olaman”, deydi.

Irodaning hayotdagi maqsadi unga barcha imkoniyatni yaratib berayotgan ota-onasi, ustozlari va Vatanining ishonchini oqlash, kelajakda jurnalist bo‘lib, yurtimizga xizmat qiladigan inson bo‘lish.

Senator, Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova oktyabr oyida mas’ul bo‘limlarga I.O‘rozova o‘qiyotgan Olmazor tumanidagi maktab-internatni ma’naviy otaliqqa olishni ma’lum qilgan hamda moliyaviy jihatdan ham ko‘maklashish choralarini ko‘rish topshirig‘ini bergan edi. Qo‘mita va maktab o‘rtasida bu jarayon amalga oshirilmoqda.

E.Bositxonova Iroda O‘rozovaning iste’dodini rag‘batlantirish, shuningdek, uni hamda ushbu maktab-internatda o‘qiyotgan u kabi iqtidorli qizaloqlarni Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlikka tayyorlab borish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini berdi.

Elmira Bositxonova “Irodaning irodasiga qoyilman!”, deya o‘z hayratini izhor etdi.