Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yer yuzida har 150 kishidan biri o‘zbek tilida gaplashadi

Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil to‘ldi. 2019 yil 21 oktyabr kuni Prezidentning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Unga binoan 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni”, deb belgilandi.

Kecha davlat rahbari “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yana bir farmonga imzo chekdi. Hujjatga muvofiq, keyingi 10 yillikda davlat maktabgacha ta’lim, umumta’lim va oliy ta’lim tizimida o‘zbek tilini o‘rganish ko‘lami kengaytiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida 50 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu Yer yuzida har 150 kishidan biri o‘zbek tilida gaplashadi, deganidir. Bugun o‘zbek tili dunyo davlatlarining 60 ga yaqin universiteti va 100 dan ziyod maktabida o‘rganilmoqda. Jumladan, Yaponiyaning 8 universitetida, Turkiyaning 18, Amerikaning 8, Germaniyaning 4 universitetida o‘zbek tili o‘qitiladi.

O‘zbek tili Xitoy Millatlar markaziy universiteti va Pekin chet tillari universitetida o‘qitiladi. XXRning nufuzli o‘quv-akademik muassasalaridan biri Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida o‘zbek tilining alohida kafedrasi faoliyat ko‘rsatadi va "O‘zbek tili" ixtisosligi bo‘yicha bakalavr dasturi fakultativ fan sifatida joriy etilgan.

Navbatdagi #infografikada o‘zbek tiliga oid asosiy hujjatlar va qiziqarli ma’lumotlar jamlangan.