Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov: Biz doim ochiqlikka tayyormiz!

Yaqinda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida jurnalistlarga intervyu berib, quyidagilarni ta’kidladi:

Bugun yangilanayotgan mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida ochiqlik, shaffoflik ta’minlanmoqda. Albatta, bunda ommaviy axborot vositalarining roli beqiyos ekanligini hammamiz ko‘rib turibmiz.

Mana, yaqinda 22 noyabr kuni muhtaram Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida to‘xtalib, “Matbuotni faoliyatimizni ko‘rsatib beruvchi ko‘zgu deb qarashimizni va afsuski ko‘p yillar davomida bizlar shu ko‘zguga qarashni o‘zimizga yep ko‘rmadik” deb, bizga haqiqiy, real ahvolni yana bir bor ko‘rsatib, ushbu soha bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab berdilar.

Bugun esa hurmatli Senat raisimiz ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratdilar.

Tan olib aytishimiz kerak, joylarda bo‘layotgan real voqeylikni, ya’ni kamchiliklarimizni tanqid qilayotgan nafaqat ommaviy axborot vositalariga, balki fuqarolarimizga ham tanqidni to‘g‘ri qabul qilmasdan, oddiy muomala madaniyatini, ma’naviyatni unutib, munosabat bildirish, murojaatlarga o‘z vaqtida xolis javob bermaslik holatlari ham uchrayapti.

Xususan, viloyatimizda ham ming afsuski, ayrim rahbarlarimiz faoliyatida ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarga, fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida javob bermaslik holatlari ham bor. Vaholanki, avvalo rahbarlar, biz hokimlar boshqalarga o‘rnak bo‘lib, dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz kerak. Har bir tanqidiy material, murojaatga munosabat bildirishimiz, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilib, ularni o‘zimizga yaqin hamkor bilib, ochiqlikni ta’minlashimiz kerak.

Shuni unutmaslik kerakki, demokratik jamiyat davlat va xalqning birgalikdagi harakati bilan shakllanadi.

Ikkala tomon ham mas’uliyatni birdek sezishi zarur. Ya’ni, rahbarlar xalqning tashvishiga sherik bo‘lib, ulardan ko‘p narsani o‘rganishimiz zarur. Ommaviy axborot vositalari esa doimo xalq irodasini, talab va istaklarini, takliflarini aytib boradi.

Kamchiliklar juda ko‘p. Qanchalik achchiq bo‘lmasin, haqiqatni tan olib, endi ko‘proq ommaviy axborot vositalari bilan muloqot o‘tkazishimiz zarur.

Albatta, shu masalalar bo‘yicha biz yo‘nalishlarimizni belgilab olganmiz va shu yo‘nalishda faoliyat olib borishni ta’minlaymiz.

Shu fursatdan foydalanib, barcha ommaviy axborot vositalariga murojaat qilgan holda doimo ochiqlikka tayyorligimizni bildirmoqchiman.