Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erta sog‘u omon uchrashmoq uchun(Uyda bo‘laylik!)

Ayrilmaymiz, ajralamiz muvaqqat
Erta sog‘u omon uchrashmoq uchun.
Tahdidli kunlarni dog‘da qoldirib,
Sog‘ingan dillarni xushlashmoq uchun.
Uyda bo‘laylik!

Hansirab, “qonsirab” ko‘cha-ko‘ylarda
Telba kezib yursa koronavirus.
Jonu tan sog‘lig‘in garovga qo‘ymay -
Uyda o‘tirganing shubhasiz durust.
Uyda bo‘laylik!

Saranjom sarishta xonadoningda
Shukr qil, yo‘q narsa o‘zi yo‘q bu kun.
Xalqparvar mamlakat fuqarosisan
G‘amxo‘r homiylikdan ko‘ngil to‘q bu kun.
Uyda bo‘laylik!

Qachon, qaysi yurtda el-ulus uchun
Hozir bizdagidek g‘amxo‘rlik bo‘lgan?!
Afsuski, ko‘pincha avom ustidan
Kontr o‘rnatilgan, ham zo‘rlik bo‘lgan.
Uyda bo‘laylik!

Al xusus, bugungi sinov damlarda
Yurtboshi yurtining ertasin o‘ylab.
Zarur yumushlarni bo‘yniga olib,
Tartib joriy qildi mamlakat bo‘ylab:
Uyda bo‘laylik!

“Barcha ehtiyojing bajo qilinur
Sen uyda bo‘lsang bas, xizmating shuldir.
Oilang, mahallang, davlating uchun
Qilgan oliyjanob himmating shuldir”.
Uyda bo‘laylik!

Odil rahnamomiz farmoni – bugun:
Tartib-qoidani buzmasang yetar.
Niyatni yaxshi qil, pok ozoda bo‘l!
Hademay, bu kunlar ham o‘tib ketar...
Uyda bo‘laylik!

Aslin olganda uyqu panohing
Noiloj, sargardon kezganing chog‘lar.
Uyning halovatin beraolmaydi
Muvaqqat bag‘riga olgan gulbog‘lar.
Uyda bo‘laylik!

Bugun uying sening haloskoringdir,
Turli balolarning yo‘lidagi g‘ov.
Saranjom sarishta xonadoningga
Qadam qo‘yaolmas manfur qattol yov.
Uyda bo‘laylik!

So‘zsiz, uyda qolmoq tutqunlik emas,
Aksincha, kurashda eng sinalgan yo‘l.
Xotirni jam qilib sabru bardoshda,
Ezgu duolarda ochib tursang qo‘l.
Uyda qolaylik!

Nuriddin BOBOQANDOV.