Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Eynshteyn: Shon-shuhrat orqasidan quvishdan ko‘ra, kamtarin hayot ko‘proq baxt va osoyishtalik keltiradi

Insoniyatning mashhur vakillari doimo diqqat-e’tiborda bo‘lib kelgan. Shunday ajoyib insonlardan biri o‘z ishlari bilan ko‘p jihatdan zamonaviy fizikaning asosini yaratgan Albert Eynshteyn bo‘lib, u muloyim, do‘stona, xushchaqchaq va beqiyos jozibasi bilan ilm-fan tarixidagi sevimli va taniqli shaxslardan biriga aylangan. Bugun sizni afsonaviy olimning hayotidan bir necha qiziqarli voqealar bilan tanishtirmoqchimiz.

Kimligingiz muhim emas

Albert Eynshteynning parishonxotirligi to‘g‘risida afsonalar yuradi. Bir kuni hayot mazmuni va insoniyatning global muammolari to‘g‘risida o‘ylab ko‘chada sayr qilayotib, o‘zining eski tanishini uchratib qolibdi va uni kechki ovqatga taklif qilibdi:

- Bugun kechqurun uyimizga keling, professor Stimson ham bo‘ladi.

– Axir men professor Stimson-ku?! - hayqirib yubordi u.

– Kim bo‘lishingiz muhim emas. Lekin baribir keling, - yo‘lida davom etdi Eynshteyn.

Ikki buyuk inson yozishmasi

XX asrning birinchi yarmida dunyoda haqiqatan ham ikki kishi - Albert Eynshteyn va Charli Chaplin mashhur kishilardan sanalardi. “Oltin vasvasasi” filmi chiqqanidan so‘ng olim komediantga ushbu mazmundagi telegrammani yubordi: “Butun dunyo tushunib olgan filmingizdan g‘oyat zavqlandim. Tasanno, shubhasiz, siz buyuk inson bo‘lasiz”.

Bunga qarata Chaplin “Sizga ham tasannolar bo‘lsin! Sizning nisbiy nazariyangiz dunyoda hech kimga tushunarli emas. Shunga qaramay, siz buyuk insonsiz”, deb javob yo‘llabdi.

Abadiyat va vaqt to‘g‘risida

Bir kuni amerikalik jurnalist ayol fizikdan abadiyat va vaqt o‘rtasidagi farqni tavsiflab berishini so‘radi. Bunga javoban Albert Eynshteyn shunday javob berdi: “Agar buni sizga tushuntirishga vaqtim bo‘lsa, siz tushunib olguningizgacha abadiyat kerak bo‘ladi”.

Ulug‘ g‘oyalar kamdan-kam keladi

Yana bir jurnalist Eynshteyndan o‘zining ulug‘ g‘oyalarini qayerga qayd qilib qo‘yishi to‘g‘risida so‘radi. Olim muxbirning qo‘lidagi qalin yon daftariga qarab javob berdi:

- Yaxshi yigit, ulug‘ fikrlar haqiqatan ham juda kamdan-kam uchraydiki, ularni eslab qolish unchalik qiyin ish emas!

***

1922 yilda Eynshteyn Tokioda bo‘lib, u yerda ma’ruza o‘qirdi. Bir kuni u turgan mehmonxonada xabarchi telegramma olib kelibdi. Eynshteyn unga choychaqa berish maqsadida yonida mayda puli bo‘lmaganmi yoki yapon an’analariga ko‘ra, xabarchi undan pul olishdan bosh torganmi... Qisqasi, unga minnatdorchilik bildirish istagida bo‘lgan olim qog‘ozda bir necha so‘zlarni yozdi va “Qachonlardir bu varaqa biror bir qiymatga ega bo‘ladi”, deya unga uzatdi.

2017 yilda xabarchi o‘z jiyaniga vasiyat qilgan ushbu varaqa kim oshdi savdosida bir yarim million AQSh dollariga sotildi.

Unda shunday yozilgan edi:

“Shon-shuhrat orqasidan quvishdan ko‘ra, kamtarin hayot ko‘proq baxt va osoyishtalikni keltiradi”.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.