Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokim o‘rinbosari haydovchilarni madaniyatni oshirishga chaqirdi

Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari Shahzod Eshonqulov shaharda harakatlanuvchi “Arxideya motors” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli avtobus haydovchilari bilan uchrashdi.

Suhbat davomida hokim o‘rinbosari haydovchilardan voyaga yetmagan yoshlarni pattachi (konduktor) qilib ishga olishga yo‘l qo‘ymaslik, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun, yoshlarni ta’lim-tarbiyaga yo‘naltirish davlat siyosatining ustuvor vazifasi ekani haqida tushuncha berdi. Shuningdek, haydovchilarning obru va mavqeyini oshirish, ularning xizmat ko‘rsatish sohasidagi faolligiga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda haydovchilar ham ayrim muammo va kamchiliklar haqida gapirdi. Ularning aytishicha, ayrim hududlarda avtobus to‘xtash joylari yo‘q, bekatlarga yengil mashinalarning turib qolgani harakatlanishga to‘sqinlik qilyapti. Avtobuslarga, aslida pattachi kerak emas. Negaki, unga ham kunlik to‘lov berishga to‘g‘ri keladi. Biroq ayrim haydovchilarning haddidan oshib, tezlikni oshirgancha yo‘lovchi olishga urinishi, o‘z farzandini (farzandiga pul to‘lamaydi) konduktor qilib olishi tufayli boshqalarda ham konduktorga ehtiyoj tug‘ilmoqda.

– Bu muammoni tartibga olishning imkoni bor, – dedi “Arxideya motors” MChJ rahbari Muzaffar Nasimov. – Ya’ni, barcha avtobuslarga ularni kuzatib turuvchi qurilma o‘rnatilishi kerak. Shu qurilma orqali ularning qayerda ekani va qanday tezlikda harakatlanayotgani ko‘rinib turadi. Qoidani buzganlarga esa albatta, chora ko‘riladi.

Tadbirda haydovchilar madaniyatini oshirish, ularning maxsus xizmat kiyimlari bilan harakatlanishi, avtobuslarning toza va ozoda saqlanishi xususida takliflar bildirildi. Aytilgan muammolar bo‘yicha hokimlik tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilandi.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.