Imtihondan keyin kim bo‘lamiz? Umidsiz millatmi yoki qudratli xalq?

Koronavirus pandemiyasi sababli davlatimiz rahbari xalqimizga uchinchi marta murojaat qildi. Bu safar so‘zi, ohangida og‘rinish, tashvish va umid boshqacha sezildi.

Prezident o‘sha kuni karantin qoidalarini buzayotganlar sonining 22 mingdan ortganidan (uch kun o‘tib bu raqam 28 mingga yaqinlashdi) og‘rindi. Va, bu holatni “madaniyatsizlik”, deya baholadi. Bu juda yumshoq o‘xshatish aslida.

“Yapon fenomeni” haqida havas bilan gapirdi Prezident. Nega?

E’tibor qilaylik, yaponlar nima qildi o‘zi? Dunyo vaksina topolmayotgan kasallikka qarshi juda oddiy yo‘l bilan kurashdi va bu pandemiya ularga deyarli ommaviy zarar yetkazmadi. O‘ziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qo‘lni yuvish, to‘la yuvinish, to‘g‘ri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 qoida. Atigi shu!

Bunday olib qaraganda, madaniyatli inson har kun qilishi mumkin bo‘lgan oddiy holatlar.

Karantin hududidan qochib ketib, oila a’zolarining bag‘riga o‘zini urish, soxta hujjat tayyorlab, shaxsiy avtomobilda shahar kezish, niqob taqmasdan ko‘chaga chiqish, yashirincha to‘y qilish, ziyorat ziyofatini berish kabi holatlar haqida gapirish esa mutlaqo ortiqcha.

Yaponlar Ikkinchi jahon urushidan so‘ng eng og‘ir sharoitga tushib qolgan millat sifatida tilga olinadi. Urushdan keyin ayollari ommaviy tarzda tilla taqinchoqlarini davlat iqtisodiyotini tiklash uchun topshirgani haqida bugun ham havas bilan gapiramiz. Nahotki, shu darajada ommaviy aqlli bo‘lish mumkin? Nahotki, butun millat birdek fikrlashi, nafsini jilovlashi, tarbiyalanishi mumkin?

Bu voqeaga deyarli bir asr bo‘lyapti.

Yapon madaniyatini ifoda etuvchi yana ikki holat bor.

2011 yil Fukutsimada sodir bo‘lgan sunami va zilzila sabab 18 mingdan ortiq odam qurbon bo‘ldi. Yaponiya iqtisodiyoti va xalqi og‘ir ahvolda qoldi. Dunyo jamoatchiligining e’tibori kunchiqar yurtga qaratildi. Mashinalar, uylar, odamlar suvda oqdi, o‘nlab shahar vayron bo‘ldi. Tabiat oldida jahonning eng rivojlangan davlatlaridan biri taslim bo‘ldi. Shunday paytda mamlakatga boshqa davlatlardan gumanitar yordam bordi. Yaponlar bu safar ham kimligini ko‘rsatdi: samolyotdan tushirilib, bir joyga to‘plangan kiyim-kechak va oziq-ovqat uchun navbatda turishdi. Qizig‘i, hech kim bir-birining burnini qonatmadi, navbati kelganda, jo‘natilgan yordamdan faqat o‘zigagina yetadiganini oldi. Bir juft. Amakisi, xolasini o‘ylamadi. Zaxira uchun yana ikki juftini choponining tagiga yashirib qo‘ymadi...

Ikkinchi holat ham juda ta’sirli va tarbiyali. 2018 yilda Rossiyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatini ko‘pchilik ko‘rdi. Yapon futbol muxlislari har o‘yin yakunida o‘z hududini bo‘shagan idishlardan, chiqindilardan tozalab ketdi. Vaholanki, bunga ular majbur emasdi. Chempionat davomida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan Yaponiya g‘olib bo‘lolmadi. Ammo terma jamoaning yakuniy o‘yinidan so‘ng muxlislar yana bir bor o‘zlarining kimligini ko‘rsatdi: mezbon davlat Rossiyaga va butun dunyoga minnatdorchilik bildirdi. Bayroqlarni yoqmadi, do‘konlarga o‘t qo‘ymadi, futbolchilarni so‘kmadi.

Nazarimda, bugun nafaqat biz, o‘zbekistonliklar uchun sinov davri. Sinov butun insoniyatga keldi. Bunday pallada eng yaxshi qurollar, dabdaba-yu as’asalar emas, umumshakllangan madaniyatgina bizni qutqara oladi. Sinovdan mayib-majruh, ruhan sinib o‘tish bor, yanada irodali, yanada qudratli bo‘lib chiqish bor!

Isomiddin PO‘LATOV,

"Jomboy tongi" gazetasi muharriri.