Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

IShID tarkibida jang qilmoqchi bo‘lgan samarqandlik yigit qo‘lga olindi

Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan F.E. Suriyaga borib IShID tarkibida jang qilmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Samarqand viloyati prokurorning katta yordamchisi Fayzulla Egamqulov ma’lum qildi, deyiladi everyday.uz saytida.

F.E. Rossiyaga ishlashga borgan va o‘sha yerda xonadoshlaridan islomiy ta’lim ola boshlagan hamda masjidlarga borib namoz o‘qishni ham o‘rgangan. 

Bu yaxshi albatta, deydi prokurorning katta yordamchisi. Lekin keyinchalik u din niqobi ostida yovuzlikni targ‘ib qiluvchilar changaliga tushib qoladi. “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘ida o‘z shaxsiy profilini ochadi. U yerda esa ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalarini keng targ‘ib qiluvchi Abdulloh Zufar, Abu Umar, Iqbol kabi jami 29 profil egalari bilan do‘stlashadi. Ular F.E.ning ongini zaharlab, unga ham konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish, butun dunyoda islomiy davlat qurish g‘oyasini singdira boshlaydi. F.E. ushbu g‘oyalarga shunchalar singib ketganidan hatto Suriyaga borib IShID safida jang qilish istagida yonadi. 

Huquq-tartibot organlarining sa’y-harakati bilan u o‘zining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirolmadi. Sud hukmiga ko‘ra, F.E. 5,5 yilga qamaldi.