Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Iyd al-Fitr muborak!

Dardga davo aylovchi,
Hojat ravo aylovchi,
Rozi-rizo aylovchi
Boshimizda nur Qur’on,
Salovoti dur Qur’on.

Ilm-ma’rifat oyi,
Umring o‘tmasin zoye,
Iyd-al Fitr rizoyi,
Har tuningni qadr bil,
Har mo‘minni Xizr bil.

Inna anzalloh qadr,
Shundan qanoat-sabr,
Kimsaga qilma jabr,
Har ro‘zingni ro‘shno qil,
Yaxshilikni oshno qil.

Ul mehribon, qayyum Zot,
Azal-poyon barhayot,
Ahli mo‘’min-muslimot,
Rizq berganga shukur qil,
Dilga ishqni muhr qil.

Murodlarni qil hosil,
Ofiyatga qil doxil,
Rizo bo‘lsin tag‘ofil,
Bani insonni teng qil,
Xulqi-fe’lini keng qil.

Xulafoyi roshidin,
Qutqar riyo loshidin,
Rizq-ro‘z ber boshidin
Darig‘ tutma jandangni,
Mag‘firat qil bandangni.

Berma azobi saqar,
Ruhlar sanqiydi badar,
Kasni do‘zaxdan qutqar,
Jannatingga nozil qil,
Johil emas, fozil qil.

Rahmat yog‘ilgan ayyom,
Gullar ochilgan ayyom,
Durlar sochilgan ayyom,
Gunohlardan forig‘ qil,
Borar joyni yorug‘ qil.

Mehr - oliy imorat,
Do‘stni ayla ziyorat,
Duong bo‘lar ijobat,
Umringga ziynat o‘sha,
Rutbai himmat o‘sha.

Rizqni so‘ra xudodan,
Umidvor ko‘p duodan,
Ro‘zi mahshar jazodan
Asragani chin bo‘lsin,
Ul nuri yaqin bo‘lsin.

Yagona barhaq Mavlo,
Ja’mi amaldan avlo,
Mutahhayyir, musallo,
Dunyoviy-u uhroviy,
Rag‘batni ayla g‘oziy.

Chandiki, g‘arq yo‘li bu,
Rahmati Haq yo‘li bu,
Abadul baxt yo‘li bu,
Amri vojib qil vitr,
Qutlug‘ iydi al-fitr.
Ismatullo YuLDOShEV